Jamiyat | 21:40 / 26.04.2019
30110
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yilning bu davrida baliq ovlash mumkin emas

O‘zbekistonning aksar hududlarida 15 apreldan boshlab tabiiy suv havzalari va suv omborlarida baliq ovlash cheklovi amal qila boshladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlaridan tashqari O‘zbekistonning barcha hududlarida 15 apreldan 1 iyunga qadar tabiatda baliq ovlash taqiqlanadi, yuqoridagi ikki hududda esa bu muddat – 25 apreldan 10 iyungacha.

«Bu oraliq muddat – baliqlarning ko‘payadigan davri, bu paytda tabiiy havzalarda baliqlarga antropogen ta'sir butunlay taqiqlanadi», – dedi «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Kamolxo‘ja Ismoilxo‘jayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Shuningdek, mutasaddining qo‘shimcha qilishicha, baliqchilikda aynan hozir – brakonerlik eng avj olgan paytdir.

«Bu davrda hamma baliq turlari ikra tashlash uchun qirg‘oqqa chiqadi. Baliqlar iliqroq, kislorod serob bo‘lgan sayoz joylarga chiqib, o‘t-o‘lanlarga urug‘ tashlaydi. Ularda bu paytda faollik ham pasayadi, qo‘lga tushirish ancha osonlashib qoladi.

Brakonerlar esa aynan shundan – baliqlarning ikra qo‘yish paytidagi passivligidan foydalanishadi. Ular sayozlikka chiqadigan baliqlarni kaltaklar bilan kutib turishadi», – deydi Ismoilxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq internetda bir guruh baliqchilar Toshkent dengizida 35 kilogrammlik baliq ovlagani suratlari tarqalgan, buning ortidan kelib chiqqan shov-shuvlarga «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi munosabat bildirib, ushbu baliqchilarni brakonerlikda ayblagan edi.

Mavzuga oid