Jamiyat | 20:20 / 27.04.2019
43253
2 daqiqa o‘qiladi

Joriy yilgi test sinovlarida javoblar varaqasiga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilmoqda

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarida abituriyentlarning javoblar varaqasiga o‘zgarish kiritish rejalashtirilmoqda. Bu haqida huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z Telegram-kanalida ma'lum qildi.  

Kiritilishi kutilayotgan o‘zgarishga binoan, endilikda test sinovlarida javoblar varaqasi har bir abituriyent uchun maxsus («imennoy») chiqariladi.

Bunda javoblar varaqasida abituriyentning ism-sharifi, test kuni, test topshiradigan hududi, binosi, guruhi va o‘tirish joyi hamda ID-kodi ko‘rsatiladi.

Kun.uz manbasining bergan xabariga ko‘ra, joriy yilgi kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibidagi yangiliklarga bag‘ishlab guruh nazoratchilari uchun hududlarda tashkil qilinayotgan o‘quv-seminarlarida javoblar varaqasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar haqida alohida ma'lumot berilmoqda.

Avvalroq Davlat xizmatlari agentligi oliy ta'limi muassasalariga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarga hujjatlar qabuli bo‘yicha ma'lumot bergandi.

Unga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali murojaat qilish imkoniga ega bo‘lib, ularning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatda turgan joyidan qat'i nazar, eksterritorial tamoyil asosida istalgan Davlat xizmatlari markaziga kecha-yu kunduz murojaat qilishi mumkin.

Shuningdek, abituriyent bir vaqtning o‘zida o‘qitishning bir shakli doirasida uchtagacha oliy ta'lim muassasasi (ta'lim yo‘nalishlari)ni tanlashi mumkin. Bir nechta oliy ta'lim muassasasi (ta'lim yo‘nalishlari)ni tanlashda imtihon topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi mos bo‘lishi shart. 

Mavzuga oid