Jahon | 13:36 / 27.04.2019
5749
1 daqiqa o‘qiladi

Shri-Lankada politsiya maxsus amaliyoti davomida 15 kishi halok bo‘ldi

Foto: REUTERS/Dinuka Liyanawatte

Shri-Lanka harbiy politsiyasi va terrorchilikda gumonlanayotganlar o‘rtasidagi otishma vaqtida 15 kishi, jumladan, olti nafar bola halok bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Reuters. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida terrorchilikda gumonlangan uch nafar shaxs bor.

Shri-Lanka sharqidagi Seyntamarutu shahrida 26 aprel kuni kechqurun otishma sodir bo‘ldi. Maxsus amaliyot vaqtida uchta portlash ro‘y berdi, deya xabar qilgan politsiya vakili.

News 1st nashri xabariga ko‘ra, politsiya amaliyoti davomida jami olti nafar xudkush-terrorchi halok bo‘lgan.

Avvalroq, 26 aprel kuni Seyntamarutu munitsipaliteti bilan qo‘shni bo‘lgan Kalmunay shahrida portlashlar sodir bo‘lgani xabar qilingandi.

21 aprel kuni Shri-Lankada mehmonxonalar va katolik cherkovlarida teraktlar seriyasi yuz berdi. Portlashlar vaqtida, yangilangan ma'lumotlarga ko‘ra, 250dan ortiq kishi halok bo‘lgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid