Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron fregati cho‘ktirilishi. Kamida 87 kishi halok bo‘lgan
Bu Amerika suvosti kemasi Ikkinchi jahon urushi davridan beri birinchi bor dushman kemasiga torpeda ishlatishi bo‘ldi.
US Department of Defense / AFP / Scanpix / LETA
Eronning Hind okeanida, Shri-Lanka sohillari yaqinida (Erondan ikki ming kilometr masofada) suzayotgan «Dena» nomli fregati 4 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 5:08 da halokat signali yuborgan va cho‘kishni boshlagan.
Shri-Lanka harbiy-dengiz kuchlari qutqaruv amaliyoti o‘tkazish uchun kema va samolyotlarini yuborgan, ammo ular voqea joyiga yetib kelishganida fregatdan «faqat neft dog‘lari va qutqaruv sollari» qolgandi. «Biz suv yuzasida suzib yurgan odamlarni topdik», – deya qo‘shimcha qilgan u.
Eron fregati halokatga uchragani haqida birinchi bo‘lib Reuters agentligi xabar tarqatdi, unda kema suvosti kemasi zarbasi natijasida cho‘kishni boshlagani aytilgandi – xabarda kemaga kim hujum qilganiga aniqlik kiritilmagandi. Dastlabki xabarlar chiqqanida qurbonlar haqida ishonchli ma’lumot yo‘q edi. Shu bilan birga, 101 nafar dengizchining taqdiri noma’lum bo‘lib qolayotgani aytilgandi.
Bir necha soat o‘tganidan keyin Pentagon rahbari Pit Hegset brifingda Eronning «xalqaro suvlarda o‘zini xavfsizlikdaman deb hisoblagan» harbiy kemasi Amerika suvosti kemasi tomonidan cho‘ktirib yuborilganini aytdi. Hegset bu «Ikkinchi jahon urushi davridan beri dushman kemasi ilk bor torpeda bilan cho‘ktirilishi» bo‘lganini qayd etdi. «O‘sha urushda bo‘lgani kabi – unda biz hali mudofaa vazirligi edik – g‘alaba uchun kurashmoqdamiz», – degan Pentagon rahbari.
Amerika suvosti kemasi oxirgi bor Ikkinchi jahon urushi davrida harbiy kemani torpeda bilan cho‘ktirgandi – o‘shanda Amerikaning USS Torsk suvosti kemasi nishoni yaponlarning «Kaybokan» nomli sohil qo‘riqlash xizmati fregati bo‘lgandi. Military.com resursida yozilishicha, bu 1945 yil 14 avgustida, Yapon dengizida ro‘y bergan. Keyingi kuni Yaponiya taslim bo‘lganini e’lon qilgan.
Agar gap faqat AQSh harbiy-dengiz floti emas, butun dunyo tarixi haqida ketadigan bo‘lsa, suvosti kemasi dushman kemasini cho‘ktirib yuborishi bilan bog‘liq oxirgi holat 1982 yilda Folklend urushi vaqtida kuzatilgandi – o‘shanda Buyuk Britaniya qirollik flotining atom submarinasi Argentinaning «General Belgrano» kreyseriga torpeda bilan zarba bergandi.
AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i Jyeyms Keyn fregat AQSh harbiy-dengiz kuchlari suvosti kemasidan uchirilgan Mark 48 rusumli og‘ir torpedasi bilan cho‘ktirilganini tasdiqladi. Pentagon tomonidan e’lon qilingan videoda Eron fregatining quyruq qismida kuchli portlash ro‘y bergani, shundan keyin u suv tubiga ketgani aks etgan. Fox News ma’lumotiga ko‘ra, bunday torpedaning bittasining narxi – 4,2 million dollar atrofida bo‘ladi.
Shri-Lanka hukumatining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, fregatga zarba oqibatida kamida 87 kishi halok bo‘lgan – ularning jasadlari halokat joyidan topilgan. Yana 32 kishi Shri-Lanka harbiy-dengiz kuchlari tomonidan qutqarilgan, ular shifoxonaga olib borilgan. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, fregat bortida jami 130 dan 180 gacha odam bo‘lgan – qolgan dengizchilar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Reuters agentligi yozishicha, «Dena» fregati 18-25 fevral kunlari Hindiston tomonidan Bengal ko‘rfazida tashkil etilgan harbiy-dengiz mashg‘ulotlarida qatnashgan.
Bu qanday kema edi?
IRIS Dena – Eron islom respublikasi harbiy-dengiz kuchlari Janubiy flotining «Mauj» sinfidagi fregati bo‘lib, Dena tog‘i sharafiga nomlangan. Ingliz tilidagi manbalarda u ham esminets, ham fregat sifatida tasniflangan, ammo Eron dengiz flotida bu kemalar esminets hisoblanadi. Bunday kemalarning suv sig‘imi 1500 tonnaga yaqin, uzunligi 94 metr, kengligi 11 metr, yurish tezligi 30 uzel. G‘arb nashrlari ma’lumotlariga ko‘ra, kema ekipaji taxminan 140 kishidan iborat bo‘ladi.
Eron harbiylarining bayonotlariga ko‘ra, oldingi sinflarga nisbatan «Mauj» sinfidagi esminetslar yaxshiroq qurollangan: ular ko‘proq raketalarni olib yuradi va Dena Eron flotida birinchi bo‘lib vertikal raketa uchirish qurilmalariga ega bo‘lishi rejalashtirilgandi. Kema Eronda ishlab chiqarilgan havo hujumidan mudofaa raketalari va kemalarga qarshi raketalarga ega bo‘lgan.
2022-23 yillarda Dena Makran kemasi bilan birgalikda «Eron 86-dengiz flotining 360 darajali missiyasi» deb nom olgan dunyo bo‘ylab sayohatda ishtirok etgandi. Uning doirasida kemalar Rio-de-Janeyro portiga ham kirgan, bu esa AQShning noroziligiga sabab bo‘lgandi.
Associated Press’ning qayd etishicha, 2023 yil fevral oyida AQSh Moliya vazirligi Eronning ushbu fregatiga qarshi sanksiyalar kiritgandi.
Dengiz urushi
Bu voqea urush chegaralari kengaytirilgani bilan ham ahamiyatli – Dena esminetsi asosiy harbiy harakatlar maydonidan uzoqda, Hind okeanida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan taxminan 2500 dengiz mili masofada cho‘ktirib yuborildi.
Bungacha AQSh harbiylari allaqachon Eronning 17 ta kemasini yo‘q qilgani va ularning maqsadi «butun flotni cho‘ktirish» ekanini ma’lum qilgandi. Mintaqadagi Amerika qo‘shinlari guruhi qo‘mondoni admiral Bred Kuperning so‘zlariga ko‘ra, Eron flotining eng zamonaviy suvosti kemasi ishdan chiqqan.
«Biz Eron harbiy nishonlariga aniq jarrohlik zarbalarini bermoqdamiz. Sodda qilib aytganda, bizga o‘q uzishi mumkin bo‘lgan hamma narsaga o‘q uzish bilan shug‘ullanyapmiz», – dedi admiral Kuper.
Chorshanba kuni Islom inqilobi muhofizlari korpusi dunyo neft ta’minoti uchun muhim bo‘lgan bo‘g‘ozni «to‘liq nazorat qilayotgani»ni ma’lum qildi.
Tehron ushbu suv yo‘lidan o‘tayotgan har qanday kema yoqib yuborilishi, natijada bo‘g‘ozda kemalar qatnovi to‘xtatilishi haqida ogohlantirdi.
Eron shanba kuni AQSh-Isroil hujumi boshlanganidan beri Fors ko‘rfazidagi ba’zi tankerlarni nishonga oldi. Biroq uning harbiy-dengiz kuchlari juda zaiflashgan: ularning shtabi vayron qilingan, bir necha harbiy kemalar cho‘kib ketgan.
Shunga qaramay, korpus harbiy-dengiz kuchlari vakili Muhammad Akbarzoda «hozirgi vaqtda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi islom respublikasi harbiy-dengiz kuchlarining to‘liq nazorati ostida» ekanini e’lon qildi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Shri-Lanka sohillari yaqinidagi hodisa yuzasidan 5 mart kuni munosabat bildirib, AQSh «buning uchun qattiq pushaymon bo‘lishi»ni aytdi. «AQSh Eron sohillaridan 2000 milya masofada, dengizda yovuzlik sodir etdi. Hindiston harbiy-dengiz kuchlari mehmoni bo‘lib turgan, bortida qariyb 130 dengizchi bo‘lgan „Dena“ fregatiga xalqaro suvlarda hech qanday ogohlantirishsiz hujum qilindi. Shu so‘zlarimni eslab qoling: AQSh o‘zi yaratgan pretsedent uchun qattiq pushaymon bo‘ladi», – deya yozgan Aroqchi.
Mavzuga oid
09:01
AQSh razvedkasi Eron arsenali bo‘yicha yangi ma’lumotni ochiqladi
22:20 / 27.03.2026
Eron AQSh va Isroilni uran konsentrati ishlab chiqaruvchi zavodga zarba berishda aybladi
21:39 / 27.03.2026
Eron va AQSh muzokaralari: haqiqatmi yo propaganda?
19:12 / 27.03.2026