Bir necha kun ilgari saytimizda boshqa odamlarning so‘zlariga ishonuvchan oiladan vijdonsizlarcha pul o‘marilgani haqida xabar qilingan edi. Kun.uz ijodiy guruhi Namangan viloyatiga safar davomida xuddi shunday muammoga duch kelgan yana bir oila bilan uchrashdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Biz bir necha joyga xayriya maqsadida iltimos qilib chiqdik. Ommaviy axborot vositalarida lavhalar tayyorlandi. Farzandimning jigari xasta. O‘zim ham qandli diabet kasaliga chalinganman. Bu bolam boquvchim edi. O‘g‘limning nomida plastik kartalarimiz bor edi. Bittasi nafaqasi uchun, boshqasini xayriya uchun ochilgan. Bir so‘miga ham teginmasdan, bolasiga ham ozuqalarini olmasdan yig‘ib kelayotgan edik. Hamma pullarimizni yechib olishdi», deydi bemorning onasi Muqaddasxon Dehqonova.

«Bir odam bizga telegram orqali chiqib, «telefonimizga jo‘natilgan kodni aytsak, bizga katta miqdorda pul o‘tkazishi»ni aytdi. Uning gaplariga ishonibmiz. Avvaliga 100 ming so‘m tushirdi. «Xo‘jayinlar kelsa yana tushirishadi», dedi. Yarim soatlardan so‘ng kartadagi hamma summa yechib olindi.

Shunchalik ham berahm bo‘ladimi odam? Hatto, pensiya pullarimni ham yechib olishdi. Murojaat qilib Namangan viloyat prokuraturasiga bordik. Ishni Namangan shaharga o‘tkazishdi. Tezlik bilan ish hal qilinishiga yordam berishlarini aytishdi», deydi Sherzod Sultonov.

Ham yo‘qchilik, ham xastalik boshiga tushgan ushbu oila endi bu sinovga yo‘liqqan. Bu xonadondan chiqib, Namangan shahri prokurorining katta yordamchisi Xurshid Rayimberdiyev bilan qo‘ng‘iroqlashdik.

«Tez orada oxiriga yetamiz. Pullar faqat bu oiladan yechib olinmagan. Yana bir oqqonga chalingan bemorga xayriya qilinayotgan oiladan ham 36 million so‘m o‘g‘irlangan. Zudlik bilan chora ko‘rishga ko‘rsatma berdik. Shahar prokurori ham nazoratga olgan», deydi huquq himoyachisi.