«Ta'mirga ham yaroqsiz 53ta maktab». Toshkent viloyati hokimi xalq ta'limi tizimidagi nochor ahvolni ma'lum qildi
Toshkent viloyatida jami 869 ta umumta'lim maktablari mavjud bo‘lib, ularning quvvati 448350 o‘quvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Maktablarning 53 tasi 1936-1960 yillar oralig‘ida qurilgan bo‘lib, ularning bugungi holati ta'mirlash ishlariga ham yaroqsiz holatga kelib qolgan. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibrohimov ma'lumot berdi.
4 may kuni Senatning 19-yalpi majlisida Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibrohimov hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyati haqida hisobotini taqdim etdi. Hokim o‘z hisobotida xalq ta'limining nochor ahvoliga e'tibor qaratgan.
«Ayniqsa, Oqqo‘rg‘on tumanida 1936 yilda qurilgan 3-sonli maktab, Quyichirchiq tumanida 1937 yilda qurilgan 23-sonli maktab, Bekobod tumanida 1958 yilda qurilgan 30-sonli maktablarning ahvoli talabga javob bermaydi. Bundan tashqari 211 ta maktablarda sport zallari yo‘q bo‘lsa, 412 tasida issiqlik ta'minoti bilan ta'minlanmagan», - deydi Ibrohimov.
Ta'kidlanishicha, so‘nggi 2 yil davomida viloyatda investitsiya dasturiga asosan 62 ta umumta'lim maktablari ta'mirdan chiqarilgan bo‘lsada, yana 187 ta maktab ta'mirga muhtoj holatdadir.
«Hozirda ortiqcha o‘quvchi yuklamasi bilan faoliyat yuritayotgan 119 ta maktablarga qo‘shimcha o‘quv korpuslarini qurib berish zarur.
Ta'lim sohasidagi muammolardan yana biri - 214 ta maktabda fizika, 278 tasida kimyo, 274 tasida biologiya sinf xonalari uchun mebel jihozlari, 380 ta maktabga kompyuterlar yetishmasligidir.
Kadrlar masalasida 551 nafar o‘qituvchi-pedagog kadrlarga ehtiyojimiz mavjud. Ayniqsa chekka, olis va tog‘li qishloqlarimizdagi 31 ta maktablarga ingliz tili, matematika, kompyuter sohalari bo‘yicha oliy ma'lumotli mutaxassislar yetishmaydi», - deydi viloyat hokimi.
Ibrohimov kasb-hunar kollejlarini optimallashtirish jarayonini amalga oshirayotgan ishchi guruhlar 1 yildan ortiq vaqt mobaynida aniq qarorga kelisha olmayotganligini inobatga olib, bo‘shaydigan kollej binolarini birinchi navbatda umumta'lim maktablariga berishni ustuvor vazifa qilib belgilashni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
«Kadrlar tayyorlash masalasida Xalq ta'limi va Oliy ta'lim vazirliklari bilan birga mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda ish yuritish tartibi yo‘lga qo‘yilsa kadrlar yetishmovchiligi masalasida ijobiy natijaga erishgan bo‘lar edik», - deydi u.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024