O‘zbekiston | 18:58
598
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament komissiyasida o‘rmonlardan foydalanish va cho‘llanishga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi

23 aprel kuni Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Parlament komissiyasining hamraisi, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Foto: senat.uz

Majlisda barqaror rivojlanish sohasidagi 15-milliy maqsadi doirasida o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlarning yemirilishini va bioxilmaxillikning yo‘qolishini to‘xtatish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

O‘tgan yilda respublikada ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida 220 ming gektar maydonda, asosan cho‘l hududlarida daraxtzorlar yaratildi. Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida dengizning qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida jami 253 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etilgan. Cho‘l, tog‘oldi hududlarida eroziyani va yerlarni degradatsiyaga uchrashining oldini olish maqsadida 2900 gektardan ortiq maydonda himoya o‘rmonzorlari, 134 ta shahar va tumandagi 347 gektar maydonda “yashil bog‘lar” barpo etildi.

Shuningdek, majlis davomida Surxondaryo viloyatida o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanish va yer yemirilishiga qarshi kurashish hamda bioxilmaxillikni saqlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Xususan, viloyatdagi davlat o‘rmon xo‘jaliklarida o‘rmon bilan qoplangan maydon qariyb 2800 gektarga kengaytirilgan. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022–2025 yillarda o‘rmon xo‘jaliklaridagi ko‘chatxona va niholxonalarda 39 mln dan ziyod ko‘chat va nihol yetishtirilgan. Kattaqum massividagi qumliklarda 4 218 gektar yer maydoniga saksovul va cherkez nihollari urug‘i sepilgan.

Shu davrda 4811 km ochiq va 701 km yopiq kollektor tarmoqlari, 141 ta gidrotexnik inshoot, 770 ta kuzatuv qudug‘i ta’mirlangan, 17 ta gidrotexnik inshoot va 60 ta kuzatuv qudug‘i qayta qurilgan.

Mazkur tadbirlar natijasida yerlarning meliorativ holati yaxshilanib, viloyat bo‘yicha sho‘rlangan maydonlar 93,8 ming gektardan 90,1 ming gektargacha kamaytirilgan, bu eroziya va degradatsiyaning oldini olishga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, majlisda tizimli muammolar mavjudligi ham qayd etildi. Jumladan, melioratsiya obektlari va qishloq xo‘jaligi yerlarini shamol hamda suv eroziyasidan himoya qilish maqsadida ihota daraxtzorlari barpo etish ishlarini jadallashtirish, genetik resurslardan unumli foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Majlis yakunida Parlament komissiyasining tegishli qarori, respublika hamda Surxondaryo viloyatida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”) qabul qilindi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar zimmasiga ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan zarur vazifalar yuklatildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid