O‘zbekiston | 19:28 / 06.05.2019
6826
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida talabalarning an'anaviy media konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 6 may kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi anjumanlar zalida talabalarning an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan media konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tomonidan tashkil etilgan mazkur media konferensiya bu yil jurnalistika va OAV sohasidagi ekspertlar ishtirokida, yangi media startup loyihalari taqdimoti shaklida tashkil qilindi.

Media konferensiyada Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti talabalari 14ta media loyiha bilan ishtirok etishdi.

Taqdim etilgan loyihalar ichida audiovizual jurnalistika yo‘nalishidagi yangi teleloyihalar, onlayn jurnalistika mahsulotlari va xizmatlarini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan portal va onlayn resurslar, ijtimoiy sohadagi muhim muammolarni yoritishga qaratilgan teleloyihalar, BMTning global miqyosdagi turli dasturlari bilan keng jamoatchilikni xabardor etish, turizmni rivojlantirishga qaratilgan turli media loyihalar, shuningdek, mobil jurnalistika, media sohasi bilan bog‘liq zamonaviy yechimlar o‘rin olgan.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi formatda o‘tkazilayotgan media konferensiyaning ahamiyati haqida fikr bildirdi.

«Tan olish kerak, sohada o‘rtamiyona jurnalistlar juda ko‘p. Ammo bugungi o‘zgarishlar, atrofdan bo‘layotgan turli xavf xatarlar bugungi jurnalistdan sergaklikni, zamon bilan hamnafas bo‘lishni, shaxsiy pozitsiyaga ega bo‘lishni, uyg‘oqlikni hamda birinchi bo‘lishni talab qilmoqda. Media konferensiya o‘z maqsadi bilan talabalarda ana shunday ko‘nikmalarni shakllantirishi kerak», deya Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Media konferensiya yakuniga ko‘ra, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari Yelena Chuyanova («Siyosiy portret» loyihasi bilan), Hilola Abdujabborova («Qalbimiz qahramonlari» loyihasi bilan) va O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Isfandiyor Burgutboyev («Mobile journalism» loyihasi bilan) III o‘rin,  Gulshoda Ibrohimova («Study in Uzbekistan» loyihasi bilan) va Ravshan Burxonov («Guvoh.uz» loyihasi bilan) II o‘rin hamda ushbu universitet talabalari Mavjuda Sattorova va Nozima Sherbekova  («1001 mahalla» loyihasi bilan) I o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Taqdimoti qilingan media loyihalar yakunda 3 million so‘mgacha pul mukofoti va turli nominatsiyalar bo‘yicha sertifikatlar va boshqa sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid