Jahon | 12:50 / 03.02.2026
1516
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ayol jurnalistlar fondi “nomaqbul tashkilot” deb topildi

Rossiya Adliya vazirligi saytidagi reyestrga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarda ishlaydigan ayollar xalqaro fondi - International Women’s Media Foundation (IWMF) Rossiyada “nomaqbul tashkilotlar” ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda dushanba, 2 fevral kuni reyestrda ma’lum qilingan.

Foto: Alexander Scherbak/TASS

Rossiya Bosh prokuraturasi 19 yanvardayoq fond faoliyatini “nomaqbul” deb topgan. Adliya vazirligi esa 30 yanvar kuni tashkilotni ro‘yxatga kiritish haqida qaror chiqargan.

IWMF Vashingtonda joylashgan. U ayol jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan. Fond saytida aytilishicha, uning ishi “dunyo bo‘ylab teng imkoniyatlar va matbuot erkinligini mustahkamlashga ko‘maklashish”ga qaratilgan.

Adliya vazirligi saytidagi “nomaqbul” tashkilotlar ro‘yxatiga Ukrainaning inson huquqlari bo‘yicha tashkiloti — Inson huquqlari mintaqaviy markazi (RCHR) ham qo‘shilgan.

U 2013 yilda Sevastopolda tashkil etilgan. 2014 yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olganidan keyin tashkilot Kiyevga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Markaz jamoasi “hatto okkupatsiya sharoitida ham inson huquqlari ta’minlanishi, ularni buzganlar esa jazolanishi” uchun harakat qilishini bildirgan.

Matnda aytilishicha, markaz xodimlari RF okkupatsiya qilgan hududlardan olib ketilgan bolalar haqida ma’lumot to‘plagan va shu masala bo‘yicha Xalqaro jinoiy sudga shikoyat kiritgan.

Adliya vazirligi reyestrida Yevropa kriptovaluta birjasi WhiteBit va u bilan bog‘liq fintex-gruppa W Group ham bor.

Bosh prokuratura, DW matniga ko‘ra, birja rahbariyati xayriya auksionlarida ishtirok etib, mablag‘larni Ukraina uchun dronlar xaridiga yo‘naltirayotganini iddao qilgan.

2025 yil davomida Adliya vazirligi “nomaqbul” tashkilotlar reyestriga 95 ta tashkilotni kiritgan. DW matnida keltirilishicha, bu — ro‘yxat 2015 yilda joriy etilganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich.

Taqqoslash uchun: Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining birinchi yilida ro‘yxatga 22 ta tashkilot kiritilgan. 2023 yilda bu raqam 50 tagacha, 2024 yilda 65 tagacha oshgan. 2025 yil dekabriga kelib reyestrdagi tashkilotlar umumiy soni (dublikat yuridik shaxslar va filiallarni hisobga olmasdan) 281 taga yetgan.

“Nomaqbul tashkilot” maqomini berish haqida qarorni Rossiya Bosh prokuraturasi qabul qiladi. Reyestrni RF Adliya vazirligi yuritadi.

Bunday maqom odatda “konstitutsion tuzum asoslari, mudofaa qobiliyati yoki xavfsizlikka tahdid soladi” deb baholangan xorijiy va xalqaro NNTga nisbatan qo‘llanadi.

2024 yilda RF prezidenti Vladimir Putin xorijiy yoki xalqaro tashkilotni, agar uning ta’sischisi yoki ishtirokchilaridan biri boshqa davlatning davlat organi bo‘lsa ham, “nomaqbul” deb e’tirof etish imkonini beruvchi qonunni imzolagani aytilgan.

“Nomaqbul” maqomi tashkilot faoliyatini Rossiyada taqiqlaydi. Bunday tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va ular materiallarini tarqatish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin. Matnda keltirilishicha, ishtirok etganlik uchun 500 ming rublgacha jarima yoki 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, faoliyatni tashkil etganlik uchun esa 6 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid