Millatimning oyoqqa turişini, dunyo uzra nomi jaranglaşini, hurmatlanişini men ham istayman. Aynan şuning uçun ösib kelayotgan yoş avlod bosiq-vazmin, yölidagi tösiqlarni ong kuçi bilan yenga oladigan avlod bölişini istayman. Zero, aynan şunday bir avlod yuzaga kelsa... u yoğini özi eplab ketadi.
Ammo yangi avlod qalbi nafratga tölgan, faqat hissiyot bilan «qurollangan», sökonğiç bölsa, unday avlod heç narsaga qodir bölmaydi, autsayder, «luzer» va qaram avlod böladi. Insonni idişga qiyoslasak, idiş nafrat bilan liq tölsa, içida tafakkurga örin qolmaydi. Tafakkursiz inson esa puç yonğoq kabidir. Şuning uçun ham yoşlarning qalbiga nafrat uruğini ötqazişayotganini körsam — açinaman.
Tafakkur uruği sekin unib çiqadi, nafrat uruği — tez.
Tafakkurli avlodni tarbiyalaş vaqt, himmat, ilm va olijanoblikni talab etadi, sökonğiç lyumpen olomonni «yetiştiriş» uçun bir-ikkita fitna-suiiste'molning özi yetadi.
Tarixni suiiste'mol qiliş qöştirnoq içidagi tarixçilarning asosiy va sevimli maşğuloti. Ular faqat bitta gapni — «keça falonlar millatimizni undoq qilişgan edi, bundoq qilişgan edi»ni takrorlayverişadi, takrorlayverişadi, faqat şu ma'nodagi tafsilotlarni topib aytaverişadi, boşqa ma'nolarni çetlab ötişadi. Natijada, tarix şunday bir narsaga aylanadiki, göyo uni qança köp bilsangiz, qalbingiz şunça nafratga tölişi kerakdek bölib qoladi.
Bunday «tarixçilik» ğolib kelsa tarixning asosiy foydasi — hikmatlaniş — «ötmişda nima xatolar qilingan-u, biz ularni takrorlamasligimiz kerak?», degan savollarga javob izlanmaydi. Omma tarixning asosiy foydasidan — qimmatli içki tadqiqotdan mahrum qilinadi. Tarix özining asosiy vazifasini, asosiy ma'nosini yöqotadi. Şaxs va millat xatolarni qayta-qayta takrorlaşga mahkum etiladi.
Tarixni hikmatlaniş, deb tanitadigan haqiqiy tarixçi bilan suiiste'molçilarni ajratib oliş kerak. Tarixçi tarixiy işoralar vositasida kişini öz şaxsiga nazar taşlaşga undaydi, öz içki dunyosiga qaratadi, suiiste'molçi esa kişini taşqi dunyodan aybdor topişga odatlantiradi va bu işni unga çiroyli qilib körsatadi, «sen haqiqiy vatanparvarsan!» deb uqtiradi.
Tarixning bir sanasida şunday işlar ikkinçi jahon uruşini keltirib çiqargan edi...
Tarix suiiste'molçisining vazifasi oson. Zero, tuban hissiyotlar yuzada böladi — qözğatiş qiyin emas. U haqiqiy tarixçilarning sustkaşligidan yoxud bunday tarixçilarning mavjud emasligidan foydalanib, odamlarning tarixiy çanqoqligini suiiste'mol qiladi. Tarixiy voqealarni istagança saralaydi, xohlagança börttiradi, nafsiga muvofiqlaştiradi. Maqsadi esa — odamlarning tuban hissiyotlarini uyğotib, hissiy quvvatdan ozuqa oliş yoxud kimningdir buyurtmasini bajarib mukofot oliş — ikkisidan biri. Tarixni ommaga hikmatlaniş deb tanitiş esa uning vazifasi ham emas, bunga u qodir ham emas.














