21:19 / 12.12.2019
0
44837

«Bosqinchi tarafidan yozilgan tarix haqiqiy bo‘lmaydi» - Andrey Kubatin va Feruza Jumaniyozova bilan suhbat (2-qism)

Tarixchilar oilasi Andrey Kubatin hamda turmush o‘rtog‘i, Feruza Jumaniyozova tahririyat mehmoni bo‘lgan, ular bilan ilm va olim tiynati, tarixchi olimni qiynagan muammolar, shuningdek, ilmiy faoliyatlari haqida suhbat qilgan edik. Quyida o‘sha suhbatning davomini e'tiboringizga taqdim etamiz.

«O‘tkan kunlar»ni uch marta o‘qib chiqdim»

— Kitobsevar odam, ayniqsa, sizga o‘xshash olim kishiga qamoqda kitobsiz qiyin bo‘lmadimi? Yoki ma'lum ma'noda sharoit yaratildimi?

— Bir narsani aytishim kerakki, tergov hibsxonasimi yoki manzil koloniya bo‘ladimi – bu yerlarda kutubxona bor. Undan o‘qib foydalanishga imkoniyat yaratib qo‘yilgan. To‘g‘ri, u yerda ilmiy kitoblarni topolmaysiz, ammo badiiy asarlar bor. Masalan, o‘sha davrda «O‘tkan kunlar»ni uch marta o‘qib chiqdim. Keyin 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga borganimizda kutubxonada ishladim, ko‘p vaqtim shu yerda o‘tardi.

Eng qiynagan narsa, bilasizmi, odam ayb qilgan bo‘lsa va shunga yarasha jazo olayotgan bo‘lsa, ichki qiynalish bo‘lmaydi; lekin qilmagan ishga shunaqa jazo olish — bu odam uchun og‘ir botadi.

«Oshkoralik va islohotlar bo‘lmaganda qamoqdan chiqishim dargumon edi»

— O‘sha paytda ishonchingiz qay darajada edi, oqlanishingizga ishonganmidingiz? Oqlanishingizga nima ko‘proq ta'sir etdi deb hisoblaysiz?

— Yaqinlarim, oilam yugurmaganda, talab xati qilmaganda, jahon ilm hamjamiyati aralashmaganda va avvalambor, davlatimiz tomonidan yuritilgan siyosat, oshkoralik, islohotlar bo‘lmaganda edi, menimcha, chiqishim qiyin masala edi.

«O‘zimda kurashchan ayol obrazini yoqishga qaror qildim»

— Feruza opa, sizda bu davr qanday kechdi? Turmush o‘rtog‘i va yosh tadqiqotchi sifatida o‘zingizdan o‘tganlarini ayta olasizmi?

— Og‘ir damlar edi. Shanba kuni o‘zim ishga kuzatib yuborganman va boshqa qaytib kelmagan. Keyin uzoq vaqt qidirganmiz, juda qorong‘i damlar edi deb ta'kidlasam ham bo‘ladi. Ayniqsa, farzandimiz uchun, u endi besh yoshda edi, tushuntirish nihoyatda qiyin bo‘lgan.

Jamiyatda ham bir narsa qilmasa, olib ketmaydi degan tushuncha va gap-so‘zlar ostida qolib ketganmiz. Dastlabki uch oy men tashqi dunyodan deyarli uzilib yashaganman. Buni qabul qilolmaganman, men uzoq viloyatdan kelin bo‘lib tushganim uchun bu yerda yolg‘iz suyanchim erim edi.

Andrey aka bilan uchrashish ham yo‘q, xat-xabar ham yo‘q, nima bo‘lgan-nima qo‘ygan — bu haqda men hech narsa bilmasdim. Faqat har xil gap-so‘zlarni eshitardim, xolos. Noaniqlik eng yomon narsa! Bu juda qiynagan.

Keyinchalik o‘zimda kurashchan ayol obrazini yoqishga qaror qildim. Bizni ko‘rishtira boshlashgandan keyin erim ham tezroq ilmiy ishimni yakunlashimni aytardi. 2018 yilda Tarix fanlari falsafa doktori uchun dissertatsiyamni himoya qildim. Shundan keyin ham o‘zim to‘g‘ri ma'noda chalg‘itish uchun ingliz tili, haydovchilik kurslariga qatnaganman.

«O‘zbek xalqi tarixga qiziqadigan xalq»

— Ozodlikka chiqqandan keyin ilmga qaytish qanday kechdi?

— Men manzil koloniyaga o‘tkazilganimdan keyin uyga bemalol yozib berib yuborishga imkon bo‘lgan. Shu paytda bir necha konferensiyaga tezis va maqolalarim chiqdi. Iqtiboslarni esda qolganicha keltirib, qolganini kitoblarni yozib, qayerdan qo‘yishni aytib, ayolimga tayinlardim. Turmush o‘rtog‘imning ilmiy ishlarini ham ko‘rib berishga vaqt topardim.

Bundan tashqari, o‘zbek xalqi tarixga qiziqadigan xalq. Mahkumlar orasida ham bundaylar topiladi. Ular bilan gaplashib, ba'zida go‘yo institutda ma'ruza o‘qiyotgandek bo‘lardim.

«Har bir xalq tarixi bilan faxrlanishi kerak»

— Talabalarga bu sohani o‘rgatish qanday kechmoqda, Hozirda qanday yangi g‘oyalar ustida ishlayapsiz?

— Ayni paytda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Xitoy tarixi, siyosati va iqtisodi kafedrasida o‘rindosh katta o‘qituvchiman. Dunyoda bitta xalq borki, xitoy kabi, o‘zining bir necha ming yillik tarixini yozib qoldirgan. Albatta, tarixan ko‘p vaqt mobaynida qo‘shni bo‘lganimiz uchun bizning xunn davridan boshlab to 19 asrgacha bo‘lgan tariximiz Xitoy manbalarida o‘z aksini topgan.

Hozirga kunda Xitoy arxivlarida millionga yaqin hujjat saqlansa, shundan 10 mingdan ziyodi Markaziy Osiyoga tegishli. Bizda shu narsa o‘rganilmaydi. Men talabalarni shu masalalarga e'tibor qaratishga, qiziqtirishga harakat qilaman.

Men talabalardan talab qiladigan yana bir narsa ona tiliga e'tibor. Tilda millatning tarixi ham, madaniyati ham — har bir sohasi mujassam. Agar o‘z tilini yaxshi bilmasa, boshqa tilni ham yaxshi o‘rgana olmaydi.

Talabalarni tarixga qiziqtirish uchun aytamanki, birovlar tarafidan, ya'ni bosqinchi tarafidan yozilgan tarix haqiqiy tarix bo‘lmaydi. Haqiqiy tarixni o‘sha millat vakili yozsagina bo‘ladi. Afsuski, shu vaqtga qadar biz istilochilar tomonidan yozilgan tarixni o‘rganamiz. O‘zimizning milliy kadrlar chiqqandan keyingina haqqoniy tarix yozish imkoniyati bo‘ladi.

«Tarixchi voqelikka baho berishi kerak emas»

— Sizningcha, tarixni turli g‘oyalardan xoli qilish, xolis yoritish mumkinmi?

Bu narsa birinchi navbatda, tarixchining o‘ziga, vijdoniga bog‘liq. Sovet davridan qolgan narsa borki, tarix bir markazdan turib yoziladi. Har bir universitet, har bir markaz o‘z qarashini berishi kerak. O‘zbekistonda ham FA Tarix instituti o‘z qarashini bersin, Sharqshunoslik ham o‘z qarashini yozsin yoki Milliy universitet ham variantini bersin. Ular o‘rtasida bahs-munozara bo‘lgandan keyin haqiqiy tarix yoziladi.

Tarixchi voqelikka baho berishi kerak emas. U bor voqelikni ochib berishi kerak. Biror davrni o‘rganayotganda unga baho berilishi noto‘g‘ri. Lekin o‘sha davr voqeligidan kelib chiqib ochib berilishi to‘g‘ri bo‘ladi.

Ayni shu savol bo‘yicha Feruza Jumaniyozovaning fikrlarini ham so‘radik.

Tarix intellektning kimyosi tomonidan ishlab chiqarilgan o‘ta xavfli mahsulot degan gaplar ham yuradi. Chunki uni o‘qigan odam bevosita hissiyotlarga beriladi. Ba'zan shu hissiyotlar noto‘g‘ri narsalarni yozishga sabab bo‘ladi, haqqoniylikdan chekinishga yetaklab qo‘yishi ham mumkin. Tarixchi birinchi o‘rinda, voqealar rivojiga xolisona yondashishi kerak.

O‘tgan 28 yillik tariximiz haqida, unda yozilgan narsalar haqida gapiradigan bo‘lsak, afsuski ba'zilarida yevrosentrizm g‘oyalari qolib ketgan holatlarni ham uchratish mumkin. Yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri rus tarixshunosligidan, yoki boshqa joydan ko‘chirilgan, tarjima qilingan. Darsliklarning ko‘pchiligi shu holatda. Bular albatta, yangidan yozilishi kerak.

«O‘zini hurmat qilgan tarixchi kamida 2ta sharq tilini, 2ta g‘arb tilini bilishi shart»

Andrey Kubatin bugungi kun tarixchisi qanday bo‘lishi kerak degan fikrini ham aytib o‘tdi.

Men talabalarga doim ta'kidlaydigan narsalardan biri: o‘zini hurmat qilgan tarixchi kamida 2ta sharq tilini, 2ta g‘arb tilini bilishi shart.

Ilmdagi eng so‘nggi yangiliklar ingliz tilidagi adabiyotda aks etadi. Vaholanki, bizda tilni bahona qilib, ko‘p tadqiqotchilar ham, o‘qituvchilar ham ishlariga jalb etmaydi.

Men tarixchi olimlarimizni o‘z sohasidagi eng yaxshi kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilishga chaqiraman. Nafaqat tarixchilar, balki barcha soha vakillarini ham. Bu narsaning ikkita yaxshi tarafi bor: birinchidan, keng omma o‘qishi mumkin, ayniqsa, talabalar; ikkinchidan, o‘zbek tilining rivojiga, terminologiyani ishlab chiqishga katta hissa qo‘shilgan bo‘lardi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top