«O‘rganib qolsang, birovning oshiga, kunda borarsan aning qoshiga», deganlaridek, pul, mol-dunyo orttirishga ruju qo‘ygan odam borgan sari insof-iymonini yo‘qotib, o‘z foydasi yo‘lida har qanday tubanlikdan ham toymaydi. Darhaqiqat, poraxo‘rlik, ta'magirlik va korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘luvchi, davlat manfaatlariga mutlaqo zid illat ekani borasida ortiqcha izohga hojat bo‘lmasa-da, yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar bu haqda yana bir bor fikr yuritishga majbur qilmoqda.
Pul bersang, ajrashtiraman

O‘tmishda poraxo‘rlik, ya'ni korrupsiya bo‘lmagan desak, yanglishamiz. Albatta, bu illat insoniyat tanasiga asosan «nafs» qiyofasida zulukdek yopishib, davlat asoslarini yemirib, jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qilib kelmoqda.
So‘nggi paytlarda ayrim amaldorlarning poraxo‘rligi bilan bog‘liq holatlar hali oldimizda turgan ishlar yukini belgilab bermoqda. Zero, jamiyatda bir nafar bo‘lsa-da, poraxo‘r yoxud korrupsiya quliga aylangan amaldorning chiqishi xalqning davlat va rahbarlarga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadi. Boz ustiga, o‘sha beburd amaldor O‘zbekiston Respublikasi nomidan qaror qabul qiladigan sudya bo‘lsa-chi?! Bundan mudhish manzara bo‘lmasa kerak. Axir aytishadi-yu, «Qozi muttaham bo‘lsa, dodingni kimga aytasan», deb... Qolaversa, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimining ta'magirlik qilishi, huzuriga adolat istab kelgan insonning «qo‘liga qarashi» nafaqat o‘sha adolat posbonining nomiga, balki butun boshli idora obro‘siga, hamkasblarining nufuziga ham putur yetkazadi.
Joriy yil yanvar oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudida ana shunday qing‘irlikka qo‘l urgan sudya va uning yordamchisiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi sudyasi A.M. da'vogar A.Z.ning javobgar B.R.ga nisbatan nikohni bekor qilish haqidagi fuqarolik ishi bo‘yicha ularga o‘zaro yarashishlari uchun 3 oy muddat berish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Keyin esa yordamchisi D.J. orqali A.Z.ga shart qo‘yadi. Ya'ni agar 500 AQSh dollari bermasa, 3 oylik muddat o‘tgandan so‘ng da'vo arizasini rad qilishini aytib, da'vogarni pora berishga majbur qiladi.
Oradan bir haftacha vaqt o‘tgach, A.Z. sudya yordamchisi D.J. bilan bog‘lanib, uchrashuv belgilaydi. D.J. aytilgan joyga kelgach, «Sudya aytgan 500 AQSh dollari», deya unga pulni uzatadi. Sudya yordamchisi pulni olib, mashinadan tushgan vaqtda qo‘lga olinadi. Shundan so‘ng u topshirgan ariza yuzasidan tadbir davom ettiriladi va A.M. xizmat xonasida yordamchisidan 500 AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.















