18:03 / 16.05.2019
11429

Shubhalantirgan narsalarni tark etish insonni gunohdan saqlaydi

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Shubhali narsalarni tark qilish”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi mudiri Homidjon Ishmatbekov sharhlab berdi.

Video: Youtube

Video: mover (Tas-IX)

Ushbu hadis Payg‘ambar alayhissalotu vassalomning nabiralari Hasan ibn Alidan rivoyat qilingan. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Seni shubhalantirgan narsani tark etgin. Shubhalantirmagan narsaga o‘tgin”.

Mana bu hadis juda qisqa bayon etilgan, lekin ma'no jihatidan juda ham keng. Buni hattoki ulamolar dinimizni asl mazmun-mohiyatini ifodalaydigan hadislar jumlasiga qo‘shishgan. Inson aniq narsalarga amal qilishi, aniq narsalar haqida gapirishi, halol bo‘lgan narsalarni qilib, harom bo‘lgan narsalardan tiyilishi kerak.

Lekin shunday narsalar borki, inson uni halol yoki harom ekanligini bila olmaydi. Aniq hujjat va dalili bo‘lmaydi. Bu, ayniqsa, avom odamlarda ko‘proq sodir bo‘ladi. Chunki olimlar, ulamolar o‘zlari dalil, isbot, hujjat asosida har bir narsaning hukmini biladilar. Halol va haromning o‘rtasidagi narsa shubha deyiladi, shubhali, gumonli narsalar deyiladi.

Yuqoridagi hadisda ta'lim berilyaptiki, shubhali narsaga ro‘baro‘ kelib qolganingda, uni tark etgin. Ya'ni, uning hukmini bilmadingmi, buni halol deb hisoblay olmayapsan, harom ekanligini ham bilmayapsan, yaxshisi, buni tark etish lozim. Agar bu bir amal bo‘lsa, u amalni qilmagin, agar u iste'mol qiladigan narsa bo‘lsa, uni ham iste'mol qilmagin, agar u gapiradigan gap bo‘lsa, uni ham gapirmagin, degan ma'noda bayon etilmoqda. Bu ishlar bilan inson o‘zini gunohdan saqlaydi.

Mavzuga oid
Top