O‘zbekiston | 20:11 / 24.05.2019
35752
5 daqiqa o‘qiladi

Alixonov: taxminan 40 yilda neft, 50-60 yilda gaz, 100 yilda ko‘mir zaxiralari tugaydi 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Qonunga muvofiq, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. 

Kun.uz qonun loyihasi ustida bevosita ish olib borgan Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari - Ekoharakat deputatlik guruhi rahbari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a'zosi Islom Xushvaqtov bilan muloqotda bo‘lib, qonunning tayyorlanishi va u ochib berayotgan imkoniyatlar haqida ma'lumotga ega bo‘ldi. Quyida deputatlarning fikrlari havola etiladi. 

Kun.uz: O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya sohasini rivojlantirish qanchalik kerak?

Boriy Alixonov: «O‘zbekistonda qayta tiklanuvi energiyani rivojlantirish to‘g‘risida»gi qonunga imzo chekildi. Qonun qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Energetika har qanday iqtisodiyotning qon tomiri hisoblanadi, shu bois energetika sohasini diversifikatsiya qilish dolzarb masaladir. Neft, gaz, ko‘mir energetikaning asosiy manbalaridir. Hozirda yiliga 12 mlrd tonna energiya manbalari qazib olinmoqda. Ammo kelgusi taxminan 40 yilda neft, 50-60 yilda gaz, 100 yilda ko‘mir zaxiralari tugaydi. Shu bois muqobil yoki qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish muhim. Yetakchi davlatlarda quyosh, shamol, suv, geotermal energiyadan foydalanmoqda. Bular umumiy energetik salohiyatning 20 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

O‘zbekiston yiliga 182 mln tonna neft ekvivalentiga teng quyosh energiyasiga ega. Mamlakat har yili 60-65 tonna neft ekvivalentiga teng energiyani iste'mol qilayotgan bo‘lsa, bu talabga qaraganda 3 hissa ko‘p taklif bor, degani. Umumiy hisobda esa quyosh 51 mlrd tonna neft salohiyatiga ega.

An'anaviy usulda uzoq hududlarga energiya uzatishda 30-35 foiz yo‘qotish bo‘ladi. Shuningdek, qazib chiqarish jarayoni ham iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik zarar tug‘diradi. Quyosh energiyasi esa ekologik toza mahsulot hisoblanadi.

Hozirda butun dunyoda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Bu tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash asosida iqtisodiyotni rivojlantirishni nazarda tutadi. O‘zbekiston iqlimni muhofaza qilish haqidagi Parij konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Bu hujjatning issiqxona gazlarini kamaytirish degan qismi mavjud, bunga esa qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish orqali erishish mumkin.

Kun.uz: Qayta tiklanuvchi energiya turlarini rivojlantirish borasida O‘zbekistonning qo‘shni MDH davlatlariga nisbatan ahvoli qanday? Qabul qilingan qonun vaziyatni qanchalik o‘zgartiradi?

Islom Xushvaqtov: MDH davlatlarida shu mazmundagi qonun amalda va ishlayapti. Bizda shu kunga qadar bu qonunning mavjud emasligi sohaning ortda qolishiga sabab bo‘layotgan edi. Uni yaratishda xalqaro tajribadan foydalanildi, mahalliy omillar ham inobatga olindi. Xususan, energiya ishlab chiqaruvchilarning lokal tarmoq orqali umumiy blokka ulanishi boshqa qonunchiliklarda uchramaydi. Tog‘li hududlarda aholining kichik GESlar orqali ham o‘zining, ham yaqin atrofdagi aholining ehtiyojini qondirayotgani bunga asos bo‘ldi.

Bizda Fizika-quyosh instituti mavjud. Ularning quyosh energiyasi bo‘yicha butun dunyo tan olgan tadqiqotlari bor. Uchta oliy o‘quv yurti xuddi shu soha uchun kadrlar tayyorlaydi. Demakki, bu sohani rivojlantirish uchun nafaqat iqtisodiy, balki ilmiy salohiyat ham mavjud.

Kun.uz: Qabul qilingan qonun havolaki, ya'ni nomiga kiritilgan, amalda ishlamaydigan moddalardan qanchalik xoli?

B.A: Qonun hajman kichik, 27ta moddadan iborat bo‘lsa ham, to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya'ni hech qanday qonun osti hujjatlarisiz ishlaydigan moddalardan iborat. Qonun xalqaro institutlar ekspertizasidan ham o‘tgan.

Qonunda energiya ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar umumiy blogga hech qanday to‘siqsiz ulanishi imkoniyati belgilangan. Jismoniy shaxslar xonadonlariga quyosh panellari, shamol generatorini o‘rnatishsa, 10 yilgacha mulk solig‘idan ozod qilinishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, muqobil energiya hamda uni ishlab chiqarish uchun kerakli texnikani ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar mavjud.

Intervyuni to‘liq quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Youtube

Mavzuga oid