«Ma'lumki, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik halokat oqibatlari nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki allaqachon, global miqyosdagi muammoga aylanib ulgurgan. Orol masalasiga bo‘lgan yondashuv aniq natijalarga erishish nuqtai nazaridan tubdan o‘zgardi. Qolaversa, davlatimiz rahbari ikki marotaba BMT bosh minbaridan turib dunyo hamjamiyati e'tiborini mazkur masalaga qaratdi.

Orolbo‘yi mintaqasi aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan 2017–2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi tasdiqlandi. BMTning Orolbo‘yi hududi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Hududda 2 mln. gektar yashil maydon barpo etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari yaqinda Jo‘qorg‘i Kenges sessiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasini kelgusi uch yilda rivojlantirishning 10 ta ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi.

Ta'kidlash lozimki, Orol muammosining salbiy ta'sirini yumshatish mazkur ustuvor yo‘nalishlarning biri etib belgilandi.

Shuningdek, Prezidentimiz Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid qator tashabbuslarni ilgari surdi. Vazirlik va idoralar zimmasiga hududni rivojlantirishga doir aniq vazifalar yuklandi. Bu borada parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga ham alohida urg‘u berildi.

Ya'ni Orolbo‘yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar (dasturlar) ijrosini joyiga chiqqan holda o‘rganish, mutasaddi vazirlik va idoralarning hisobotlarini bevosita hududning o‘zida eshitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish lozimligi ta'kidlandi», deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Majlisda senatorlar mazkur tashabbuslarga hamohang ravishda hamda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirishda parlament ishtiroki va nazoratini kuchaytirish maqsadida Senatda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasini tashkil etish, ushbu Qo‘mitaning Nizomini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qo‘mita raisi lavozimiga senator Boriy Botirovich Alixonovning nomzodi taklif etildi.

B. Alixonov ko‘p yillar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik harakati, keyinchalik Ekologik partiya yetakchisi va parlament a'zosi sifatida samarali faoliyat olib borgan. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan milliy va xalqaro ko‘lamdagi loyihalar, dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etgan. Ayniqsa, bu boradagi qonunchilikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan.