Jahon | 08:50 / 14.06.2019
14569
1 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonidagi aeroport yana hujumga uchradi 

Foto: Al Arabiya

Yamandagi “Ansor Alloh” harakati tarafdorlari uchuvchisiz parvoz qurilmalari yordamida Saudiya Arabistonidagi Abha shahri aeroportiga hujum qilishdi. Bu haqda Yamanning Al Massira telekanali xabar berdi. 

Saudiya matbuot agentligi o‘z navbatida Saudiya Arabistoni havo hujumiga qarshi tizimlari va harbiy-havo kuchlari 5 ta dronni urib tushirganini xabar qilgan. Ta'kidlanishicha, dronlar nishonida aeroportdan tashqari, Hamis-Mushayt shahri ham bo‘lgan.

Ma'lum qilinishicha, voqea oqibatida aeroportdagi aviaaloqa izdan chiqmagan, parvozlarda ushlanishlar qayd qilinmagan. 

12 iyunda ham husiylar Abha aeroportiga raketa hujumi amalga oshirgandi. Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya ma'lum qilganidek, raketa aeroportning kutish zaliga tekkan. Oqibatda turli millatdagi 26 kishi jabr ko‘rgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid