O‘zbekiston | 20:40 / 27.06.2019
33427
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloqlardagi arzon uy-joylar nima uchun atigi 2-3 xonali? 

Qishloq joylarda barpo etilayotgan namunali arzon uy-joylar ijtimoiy yo‘naltirilgan loyiha asosida barpo etilayotgani bois 2 va 3 xonalidir. Milliy matbuot markazida «Qishloqqurilishinvest» kompaniyasi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda Kun.uz muxbiri savoliga javoban shunday fikrlar bildirildi.  

-  Qishloq joylarda barpo etilayotgan yangi namunadagi arzon uy-joylar asosan 2-3 xonali uylar. O‘zbekchiligimizdan kelib chiqqanda ham, har bir oilada kamida bir o‘g‘il bir qiz farzand bo‘lishini inobatga olganimizda ham qurilayotgan uylarning xonasi kamida 3 yoki to‘rt xonali bo‘lishi kerak. Qolaversa, har bir oilaning o‘ziga yarasha mehmoni bo‘lishi ham inobatga olinmagan. Savolim shundan iboratki, loyihalar chizilganda, xonalar soni belgilanganda, qaysi mezonga asoslaniladi?

Kun.uz muxbiri savoliga «Qishloqqurilishinvest» bosh muhandisi Shuhrat Rustamov quyidagicha javob berdi.

«Savolingiz to‘g‘ri. Ammo, bir narsaga e'tibor berish kerak, avvalambor 2 sotixli uylar 3 xonali, ko‘p qavatli uylar 2-3 xonali deya namunali loyihalar ishlab chiqilib, respublika rahbariyati tomonidan tasdiqlangan. Ko‘p oilali deganda, shu oilalarni emas, shu oilalarning a'zolarini uy bilan ta'minlash nazarda tutilgan. E'tibor bergan bo‘lsangiz, yosh oilalar deyilgan, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lganlarga deyilgan. Oilaviy sharoitidan kelib chiqqan holda yolg‘iz ayol, imkoniyati cheklangan ayol bo‘lishi mumkin. Loyihalashtirishda shu kabi shaxslar e'tiborga olingan», - dedi Shuhrat Rustamov. 

-  To‘g‘ri, ammo arzon uy-joylarning barchasi ham yosh oilalarga yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga berilayotgani yo‘q-ku. Shundan kelib chiqib, 2-3 xonali xonadonlar yoki uylar loyihasini ishlab chiqish mezoni nima?

Bu savolga «Qishloqqurilishinvest» kompaniyasi loyihalashtirish bo‘limi boshlig‘i Bekmurod Dushanov shunday javob berdi.

«2019 yil uchun tasdiqlangan dasturda, misol uchun, nechta 3 xonali, nechta 2 xonali uy qurilishiga doir asosiy parametrlar aniq ko‘rsatib berilgan. Bu davlat dasturida, biz ularni o‘zgartirmaymiz, bu uylar ijtimoiy soha obektlari, tijorat uylari emas, kim shu uylardagi xonadonlarga muhtoj bo‘lsa, daromadi va sharoitidan kelib chiqqan holda oladi. Bu uylar barcha qulayliklarga ega bo‘lgan arzon uylar hisoblanadi. 

Qurilish bozorida ko‘plab buyurtmachilar va quruvchilar bor. Tijorat maqsadida qishloq joymi, shahar joymi, 3 qavatlimi, 6 qavatlimi, qurib beraverishadi. Bunga hech kim qarshi emas», - dedi Bekmurod Dushanov. 

Mavzuga oid