30 iyun – O‘zbekistonda Yoshlar kuni. Aholisining 60 foizga yaqinini yoshlar tashkil etadigan mamlakatda yoshlar kuni aynan bu sanada belgilangani Yoshlar Ittifoqining tashkil topgan sanasi bilan bog‘liq.
2017 yil 30 iyun sanasida Prezident Qaroriga asosan avvalgi «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati «Yoshlar Ittifoqi» etib qayta tashkil etildi. Bunga 2001 yildan beri yoshlarni birlashtiruvchi tashkilot sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan «Kamolot» ning faoliyatidagi kamchiliklar turtki bo‘ldi.
«Bugun «Kamolot» o‘ziga juda kam mas'uliyat olmoqda. Biz buni to‘g‘rilaymiz. Asosiy maqsad tanqid qilish emas, asosiysi, muammolarni o‘z vaqtida payqash va hal etish», – degan edi davlat rahbari.
Shundan so‘ng davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev boshchiligidagi «Yoshlar Ittifoqi» nodavlat-notijorat tashkiloti mamlakatda yoshlar siyosatining asosiy ijrochisi sifatida belgilandi.
Ammo o‘tgan ikki yil mobaynida mazkur tashkilotga nisbatan aholi o‘rtasida salbiy fikrlar, keskin tanqidlar ham kuzatildi, «Ittifoqchilik» va unga qarama-qarshi o‘laroq «uyushmagan yoshlar» kabi jumlalar paydo bo‘ldi, tashkilotning loyihalariga nisbatan salbiy baholar ham berildi.
2018 yilning iyul oyida Shavkat Mirziyoyev tashkil topganiga endi bir yil to‘lgan tashkilot faoliyatini tanqid qilgan edi.
«Yoshlar bilan ishlashda hamon kamchiliklar mavjud. Jumladan, katta maqsadlar bilan tuzilgan Yoshlar Ittifoqi yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga yetarlicha e'tibor bermayapti. Tashkilot o‘tkazayotgan ayrim tadbirlar dabdababozlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga o‘xshab qolyapti» , – deya ta'kidlagan edi davlat rahbari.
Iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat hayotida munosib o‘ringa ega bo‘lishiga ko‘maklashish kabilar tashkilotning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Xo‘sh, hozirda 7,689,202 nafar yoshni birlashtirgan bu tashkilot nimalarga erishdi, qanday loyihalarni amalga oshirdi?
Yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida bir necha mukofotlar, xususan, yilning eng faol yoshlari uchun «O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi mukofoti» , mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faol yoshlar uchun «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni ta'sis etildi (mukofot avval ham bo‘lgan). Ta'lim jarayonida a'lo natijalarni ko‘rsatgan va faol bo‘lgan talabalar uchun to‘lov shartnomaning 35 foizini qoplab beruvchi «Yoshlar ittifoqi» stipendiyasi tashkil etildi («Kamolot» davrida ham mavjud bo‘lgan) . Shuningdek, innovatsion va kreativ g‘oyalarini tatbiq etishni istovchilar uchun «Respublika yosh olimlarining innovatsion loyihalari» grant tanlovi yo‘lga qo‘yildi.















