O‘zbekiston | 16:30 / 14.02.2025
6815
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko‘tariladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident bugun yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan 3 ta katta hujjatga imzo chekkanini e’lon qildi.

Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi.

Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, tashabbuskor yoshlarning startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.

Bugungi kunda oliygohlarni tugatayotgan 90 ming yoshlar mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiynalmoqda. 

Shu bois, ikkinchi qaror bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar resurs beriladi.

Bank Oliy ta’lim vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha yangi bank xizmatlari paketlarini joriy etadi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarga ehtiyoj, bo‘sh o‘rinlarga yoshlarni joylashtirish masalalarini hal etadi.

Prezident imzolagan uchinchi hujjatga ko‘ra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratildi.

Bank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.

Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.

Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi, 6 oydan 3 yilgacha qo‘llab-quvvatlanadi, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi.

“Aloqa venchur” jamg‘armasi orqali startaplarga 50 mingdan 1 million dollargacha sarmoya kiritilib, mahsulot va xizmatlarni ichki va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashiladi.

2025 yilda O‘zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilishi ta’kidlandi.

Rahbarlar yoshlar ishsizligining salbiy oqibatlaridan, o‘z vaqtida band bo‘lmagan yoshlar bilib-bilmay nomaqbul ishlarga qo‘l urishi, diniy radikalizm ta’siriga tushib qolishi, jinoyat ko‘chasiga kirishi mumkinligidan ogohlantirildi.

Yunusobod, Asaka, Sharof Rashidov, Chiroqchi, Past Darg‘om tumanlari, Olmaliq va Buxoro shaharlarida bu boradagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yoshlarni kasb va tilga o‘qitib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadida bu yil bandlik bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Buning uchun jami 126 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda.

Unga ko‘ra, mahallalarda 378 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi, mahalla bankirlari yangi kredit mahsulotlari hisobiga 250 ming nafar odamni daromadli qiladi.

Texnologik jarayonlarni boshqarishda strategik qarorlar qabul qiladigan yoshlarni tayyorlash uchun texnika oliygohlari qoshida 8 ta ilg‘or muhandislik maktabi faoliyat boshladi. Bu yil yana 17 ta shunday maktab ochiladi.

O‘tgan yili 56 ming gektar yer yoshlarga ajratildi. Bu o‘z samarasini berib, hozirda 153 ming nafar yoshlar dehqonchilik bilan shug‘ullanyapti.

Bu yil Qoraqalpog‘istonda, Andijon, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida bo‘sh turgan 3 ming 300 gektar yer yangicha tartibda ijaraga beriladi. Endi ilgari ajratilgan yerga mahsulot ekib, kamida 100 million so‘m daromad olgan yoshlarga ham ushbu tartib asosida bu yerlardan beriladi.

Yoshlar kooperatsiyalari tashkil qilinib, yoshlar qishloq xo‘jaligida bilim va ko‘nikma oshirishiga yordam beriladi.

Yoshlar sanoat zonalarida sanoat ipotekasi orqali bino olayotgan tadbirkorlarga uskuna xaridi uchun 500 ming dollargacha kredit ajratiladi. Sodda qilib aytganda, tayyor ishlab chiqarish maydonini olgan yosh tadbirkorga imtiyozli shartlarda uskunalar ham olib beriladi.

Servis sohasida ham yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytiriladi. 

Tadbirkorlar yosh xodimlarni ishga olib, kamida 3 million so‘m oylik to‘lasa, ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi. 

Bu imtiyoz 3 yil amal qiladi. Bu orqali tadbirkor ham manfaat ko‘radi, yoshlar rasmiy ishlab, daromadi oshadi.

Umuman, “Yoshlar daftari” tizimini ham yangilash, transformatsiya qilish vaqti kelgani ta’kidlandi. 

Mutasaddilarga yoshlarga ko‘rsatilayotgan barcha turdagi ijtimoiy paketlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni maqbullashtirish va natijadorligini oshirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Yurtimizda kreativ iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda. Sohada faoliyat ko‘rsayotganlarning 98 foizi yoshlar. 

O‘tgan yili kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha alohida qonun qabul qilinib, huquqiy asoslari belgilandi.

Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da namunaviy “Kreativ park” tashkil qilindi.

Endi, kreativ industriya parklari hududlarda ham barpo etiladi. Ular zarur resurs va infratuzilma bilan ta’minlanadi.

Kreativ industriya parki rezidentlariga 2030 yil yakunigacha imtiyozli soliq rejimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy va daromad soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi, rezidentlar tovarlarni realizatsiya qilish hajmidan qat’i nazar aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar bo‘ladi.

Parklar negizida kreativ soha vakillarini o‘qitadigan biznes maktablari tashkil qilinadi. Ushbu maktablarda yoshlar yangi va zamonaviy biznes yuritish hamda elektron tijorat kabi xizmat ko‘rsatishning innovatsion usullarini o‘rganadi.

Mavzuga oid