Jamiyat | 22:46 / 01.07.2019
3845
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ichimlik suvi muammolarini yoritish va hal qilishga jurnalistlar va blogerlar ham jalb etiladi

Xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashining oltmish to‘rtinchi sessiyasida viloyatdagi ichimlik suvi muammosi yuzasidan «Adolat» SDP deputati Tozagul Xoliqovaning ma'lumoti tinglandi. Unda deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida toza ichimlik suvi ta'minoti yuzasidan murojaatlar va takliflar bo‘lganiga qaramay, deputatlar tomonidan yetarli e'tibor qaratilmaganligi ta'kidlab o‘tildi

Deputat T.Xoliqova bu boradagi ishlarga to‘xtalar ekan, o‘z yechimini kutayotgan muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Ta'kidlandiki, Xalq deputatlari Past Darg‘om, Payariq, Narpay va Oqdaryo tuman kengashlarining doimiy komissiyalari ish rejasiga yuqoridagi muammoga doir qonun hujjatlari talablari bajarilishiga doir birorta ham masala kiritilmagan. Sessiyalarda mansabdor shaxslarning hisobotlari eshitilmagan. Deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida toza ichimlik suvi ta'minoti yuzasidan murojaatlar va takliflar bo‘lganiga qaramay, deputatlar tomonidan yetarli e'tibor qaratilmagan. Ularni bartaraf etish yuzastidan deputatlik so‘rovlari yuborilmagan.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati

Shuningdek, sessiyada Narpay, Past Darg‘om, Payariq tumanlaridagi ichimlik suvi ta'minoti, suv inshootlarning qarovsiz holga kelib qolgani qayd etildi. Past Darg‘omdagi ayrim hududlarda iflos oqova suvlar ketadigan markazlashgan kanalizatsiya yo‘qligi tanqid qilindi. Ishchi guruh raisi muammo yuzasidan bir qator takliflarini bildirdi.

Sessiya raisi E.Turdimov masala yuzasidan munosabatini bildirdi:

«O‘rganilgan hududdagi muammolarni mutasaddilarni chaqirib deputatlar ishtirokida muhokama qilaylik. Tilli- jag‘li deputatlar bormi?! Barcha jurnalistlar, bloggerlarni ham chaqirish kerak. Masalani bir yoqli qilamiz. Shaharda qirq foiz suv ta'minoti o‘ta qoniqarsiz, mavjud ahvolga maymun yig‘laydi», dedi sessiya raisi E.Turdimov.

Анвар Мустафоқулов
Tayyorlagan Анвар Мустафоқулов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid