Sport | 20:45 / 02.07.2019
7969
2 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» braziliyalik yosh hujumchini transfer qildi

«Arsenal» Braziliyaning «Ituano» klubi hujumchisi Gabriela Martinellini safiga qo‘shib oldi. 

London klubi rasmiy sayti xabar berishicha, Braziliya chempionatining to‘rtinchi divizionida to‘p surgan 18 yoshli futbolchi bilan ko‘p yillik shartnoma tuzilgan. 

Goal.com nashri ma'lumotiga ko‘ra, «Arsenal» ushbu futbolchi transferi uchun 6 million funt to‘lagan.

Martinelli san-paululiklar klubida 16 yoshida debyut qilgan va jamoa safida jami 34 o‘yinda maydonga tushib, 10 gol urgan.

Ushbu futbolchi «Arsenal»ning yozdagi ilk transferi bo‘ldi.

May oyida ushbu forvard Amerika Kubogi arafasida Braziliya terma jamoasi yig‘iniga chaqirilgandi.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, kelib chiqishiga ko‘ra italiyalik bo‘lgan bu yosh futbolchiga dunyoning 25 klubidan qiziqish bildirilayotgandi. Bu jamoalar qatorida Braziliyaning «Kruzeyro», «Flamengo», «Palmeyras», «Santos» klublari, Angliyadagi qator klublar, shuningdek «Barselona» va «Real Madrid» ham bor edi. 

Qayd etilishicha, Gabriel ikki yil muqaddam «Barsa» va «Manchester Yunayted»da malaka oshirgandi.

Mavzuga oid