O‘zbekiston | 20:05 / 05.07.2019
7616
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi: bugun maishiy texnika bo‘yicha narxlarimiz qo‘shni davlatlardagiga tenglashgan

Bugun, 5 iyul kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davlat rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda berilgan ma'lumotlarga qaraganda, iqtisodiyotda talab yuqori bo‘lgan, respublikamizda ishlab chiqarilishi tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarning yangi 99 turi vazirlikning veb-saytiga tadbirkorlarga yetkazish uchun joylashtirilgan va bu mahsulotlarni 2019-2020 yillarda o‘zlashtirish bo‘yicha hududlarda 55 ta tashabbuskorlar tomonidan loyihalar ishlab chiqilgan. 

OAV xodimlari Andijonda shprits va qo‘lqoplar xaridida mavjud tartiblarga rioya qilingan yoki yo‘qligi haqida so‘raldi.

Tadbirda ishtirok etayotgan Moliya vazirligi vakili bunday xaridlar hududiy komissiya tomonidan hal qilinishini, Andijondagi holat bo‘yicha tekshiruv ketayotganini bildirdi.

Kun.uz muxbirining hozirgi kunda qaysi soha proteksionizmga ko‘proq muhtojligi bo‘yicha savoliga Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqarma boshlig‘i Fazliddin Ro‘ziyev shunday javob berdi:

– Masalan, maishiy texnika bo‘yicha holatni oladigan bo‘lsak, bundan 10 yil ilgari mahalliy ishlab chiqarish hajmi ichki bozorning 10-15 foizini qoplardi. Hozir bu ko‘rsatkich 45, ayrim pozitsiyalarda 70 foizga yetdi. Ilgarilari qo‘shni davlatlarda maishiy texnika arzonligi tufayli ko‘pchilik chetga chiqib olib kelishga intilardi. Hozir ko‘p mahsulotlarimiz narxi tenglashdi va hatto bizda arzonlashgani tufayli xorijga eksport hajmi oshmoqda.

Oziq-ovqat sanoatida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida pozitsiyalarimiz kuchli. Lekin hali ko‘pchilik sohalar himoyaga muhtoj. 

 

Mavzuga oid