Jamiyat | 23:00 / 08.07.2019
18443
5 daqiqa o‘qiladi

«Hojatbaror» firibgarlar guruhi qo‘lga olindi  

Bu hayotda ishonch tuyg‘usi odamlarni bir-biriga bog‘lab turgan muhim rishta hisoblanadi. O‘za­ro ishonch asosida paydo bo‘lgan har qanday do‘st­lik, hamkorlik rishtalari qanchalik mustahkam bo‘lsa, uning umri ham shunchalik bezavol va bardavom bo‘ladi. Aksincha, ishonchga zaha yetsa, siz ishonib, inonib yurgan kimsa ishonchingizni poymol etib, uni suiiste'mol qilsa, butun borliq ko‘z o‘ngingizda zimistonga aylanadi.

Keyingi paytlarda o‘zi­ni boshqalarga yaqin olib, go‘yoki beminnat ko‘makdosh ko‘rsatib, "hojatbarorlik" niqobi ostida firibgarlik, tovlamachilikni o‘z­lariga kasb qilib olgan kimsalarning bot-bot uchrayotgani hech kimga sir emas, albatta.

Buni B. Nasimovning qilmishi misolida ham ko‘rish mumkin.

Sherobod tumanida yashovchi Begali Nasimov (ism-familiyalar o‘z­gartiril­gan) qis­qa muddatda, aniqrog‘i, bor-yo‘g‘i bir yilga yaqin "Yermulkkadastr" davlat korxonasi Sherobod tumani filialida mutaxassis sifatida faoliyat yuritdi. Begali ushbu idoradan nega ishdan ketgani bizga qorong‘u. Bi­roq bu yerdan ishdan ketgach ham, hech qanday vakolatga ega bo‘lmasa-da, u o‘zini idoraning xodimi sifatida ko‘rsatib, odamlarni alday boshladi.

Uning "tuzog‘"iga dastlab Sanobar Haqberdiyeva tushdi. U Sanobar opaga uy-joyini davlat kadastri ro‘y­xatidan o‘tkazib berishga quyuq va'da berib, bir oy ichida uning 2 million 650 ming so‘mini qo‘lga kiritdi va o‘z ehtiyojiga ishlatib yuboradi.

Begaliboy qarasa, ham­masi silliq kechayapti, cho‘ntagi pulga to‘lmoqda.

Shundan havolangan bu kimsa o‘ziga yaqin bo‘lgan hamtovoqlari orqali endi boshqalarni ham firib tuzog‘iga tushira boshladi.

Keyinchalik uning qop-qop va'dalariga ishongan yaqin qa­rindoshlar Faxriddin Suvonov va Nodir Shermatovlar ham o‘zlariga tegishli bo‘lgan uy-joylarini davlat kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish ilinjida B. Nasimovning qo‘­liga 3 million 15 ming so‘mni qo‘sh­qo‘llab tutqazishadi.

Shunisi ajablanarliki, firibgarlikning ro­sa hadisini olgan B. Nasimov fuqarolarning ishonchiga kirish maqsadida korxonaning "mutaxassis"i sifatida hatto ularning yer uchastkalarini ham ko‘zdan kechiradi. Keyin esa, kadastr hujjatlari tez kunda tayyor bo‘­lishini aytib, juftakni rostlab qoladi.

Oradan ancha vaqt o‘tib esa, soxta xodimning quruq va'dasiga ishongan ushbu tumanda yashovchi Dilbar Qosimova ham B. Nasimov uy-joylarini o‘l­chab bo‘lgach, bola-chaqasi, ro‘zg‘oridan tejab-tergagan 800 ming so‘mni unga tutqazdi.

Taassufki, bir firibgar kimsaning aldovlariga uchib, chuv tushgan jabrlanuvchilar, kech bo‘lsa-da, o‘z xatolarini ang­lab yetishib, oxir-oqibat huquq­ni mu­hofaza qiluvchi idoraga murojaat etishdi.

Surishtiruv va tergov asnosida B. Nasimov qilmishlarini har qancha haspo‘shlab, suvdan quruq chiqib ketishga urinmasin, baribir kirdikorlari fosh bo‘ldi.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan sud sudlanuvchining qilmishlariga huquqiy baho berib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli modda va bandlariga asosan jazo ta­yin­lash barobarida, sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar to‘­liq qoplangani ham sud hukmida alohida qayd etildi.

Muxtasar qilib aytganda, firibgarlik, tovlamachilik yo‘li bilan boylik orttirishni ko‘zlagan kimsalar oxir-oqibat pand yeyishi aniq.

Negaki, hayotda qing‘ir ish hech qachon izsiz ketmaydi. Insonga faqat rostgo‘ylik, to‘g‘rilik va halol mehnatgina obro‘-e'tibor keltiradi, umriga mazmun, ko‘ng­liga xotirjamlik bag‘ishlaydi. Shunday ekan, umrni faqat ezgu va xayrli ishlarga bag‘ishlab, yorug‘ yuz bilan yashashga nima yetsin!

Zufar Narziyev, jinoyat ishlari bo‘yicha
Sherobod tumani sudining raisi

Mavzuga oid