O‘zbekistonda Davlat o‘q-gilzatekasi tashkil etilmoqda
O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 18 apreldagi «Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika bo‘linmalari faoliyatiga ilg‘or kriminalistik va ilmiy-texnik vositalarni, shuningdek ishlashning zamonaviy shakl va uslublarini keng joriy etish ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika bo‘linmalarining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Senati tomonidan ma'qullangan “Qurol to‘g‘risida”gi qonuni 39-moddasiga asosan Ichki ishlar vazirligida hodisa joylaridan olingan qurollarning, shuningdek kesma stvolli fuqarolik va xizmat o‘qotar qurollaridan nazorat tartibida otilgan, qurollarning izlari mavjud o‘q, gilza va patronlar massividan iborat O‘zbekiston Respublikasining Davlat o‘q-gilzatekasi tashkillashtirilmoqda.
Ichki ishlar organlari hududiy ekspert-kriminalistika bo‘linmalarida hududiy o‘q-gilzateka laboratoriyalarini shakllantirish maqsadida 2019 yil fevraldan iyungacha O‘zbekiston Respublikasi IIV rahbariyatining farmoyishiga asosan o‘q-gilzateka laboratoriyalarida ta'mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirildi.
Bugungi kunda ichki ishlar organlari hududiy ekspert-kriminalistika bo‘linmalari o‘q-gilzateka laboratoriyalari talablarga mos keladi va fuqarolik hamda xizmat o‘qotar qurollaridan, shuningdek kesma stvolli o‘qotar qurollarning noqonuniy aylanmasidan olinib, nazorat tartibida otilgan qurollarning izlari mavjud o‘q va gilzalarning namunalarini olib, Davlat o‘q-gilzatekasini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi IIV Ekspert-kriminalistika bosh markaziga yuborish imkoniyatiga ega. Bu esa o‘z navbatida Davlat o‘q-gilzatekasi bo‘yicha hisobga qo‘yish va tekshirish jarayonini tezlashtiradi.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining ta'kidlashicha, ichki ishlar organlarida ballistika laboratoriyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi tergov-tezkor organlari faoliyati uchun jinoyatlarni fosh etish va oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan zamonaviy kriminalistik axborotlar bazasini yaratadi.