O‘zbekiston | 18:28 / 09.07.2019
9255
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori: V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti faoliyati tubdan takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Matematika ta'limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qayd etilishicha, mamlakat Fanlar akademiyasining ko‘hna institutlaridan biri – 1943 yilda tashkil etilgan V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining faoliyati har tomonlama o‘rganib chiqildi va tahlil qilindi.

Qarorda Institutning mavjud ilmiy salohiyatidan yanada samarali foydalanishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator muammolar qayd etilgan. Masalan, Institutning amaldagi tuzilmasi va ilmiy xodimlari soni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning dolzarb vazifalarini hal etish uchun amaliy ilmiy yo‘nalishlarni kengaytirish imkonini bermayapti. Mamlakatimizda matematika sohasidagi tadqiqotlar bo‘yicha bosh markaz bo‘lgani holda Institut tadqiqotlarni jadal olib borish, ta'lim jarayoni bilan integratsiyani mustahkamlash, bir qator bo‘linmalarni amaliy ilmiy ishlanmalarga qayta yo‘naltirish uchun zamonaviy infratuzilmaga ega emas.

Iste'dodli yoshlarni tanlashga Institut olimlarini jalb etishning mavjud tizimi yosh mutaxassislarni tayyorlashning uzluksiz va samarali mexanizmini ta'minlash, shu jumladan, matematika bo‘yicha xalqaro olimpiadada yuqori ko‘rsatkichlarga erishish imkonini bermayapti.

Respublikada bilimlarning bazaviy tarmog‘i sifatida matematika ilmiy maktablar tadqiqotlarining joriy holatini tanqidiy tahlil qilish va ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun maqsadli ko‘rsatkichlarning amaliy indikatorlarini ishlab chiqishga va ilmiy ishlanmalarni xatlovdan o‘tkazishga ehtiyoj sezayotganligi alohida qayd etilgan.

Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida qarorda kompleks ustuvor vazifalar belgilangan. Ularning amalga oshirilishi matematika ta'limi va fanlarini yanada rivojlantirish, shuningdek, Matematika institutining faoliyatini tubdan takomillashtirishni ta'minlash imkonini berishi kerak. Qayd etish zarurki, davlatimiz rahbarining topshiriqlariga muvofiq ushbu jarayonda nafaqat Fanlar akademiyasining, balki ixtisosli vazirliklar va idoralarning hamda respublika Hukumatining faol ishtirok etishiga alohida e'tibor qaratilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun qaror bilan:

birinchi – shu jumladan, ilmiy natijalardan ilm-fanning turdosh sohalarida va iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanishni; Institutning muayyan yo‘nalishlarini fundamental izlanishlardan amaliy izlanishlarga qayta yo‘naltirishni; iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun matematika bo‘yicha oliy malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan 2019-2022 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish nazarda tutilgan matematika fanlarini rivojlantirishning maqsadli dasturi tasdiqlandi;

ikkinchi – Institutning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan aniq ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi tasdiqlandi. Bunda fundamental tadqiqotlar bilan birgalikda amaliy matematikaga alohida e'tibor qaratilgan;

uchinchi – va buni alohida qayd etish zarurki, Institutning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) birinchi marta ishlab chiqildi va tasdiqlandi, ular rahbariyat, har bir ilmiy xodim va umuman Institutning mamlakatda matematika fanlari rivojlanishiga real shaxsiy hissasini xolisona baholash imkonini beradi;

to‘rtinchi – xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va Institut ilmiy xodimlari malakasini oshirishning istiqbolli yo‘nalishlari tasdiqlandi.Hamkorlikning ilmiy yo‘nalishlari 18 ta mamlakatda, shu jumladan, MDH mamlakatlari, Yevropa, Amerika va Osiyoning yetakchi ilmiy muassasalarida ta'lim olish va tajriba orttirishni nazarda tutadi.

Ushbu istiqbolli vazifalardan kelib chiqib Institutning tashkiliy tuzilmasi tubdan qayta ko‘rib chiqildi va uning yangi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.Birinchi marta ilmiy-tadqiqot muassasalarini boshqarishning xalqaro tajribasidan kelib chiqib amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarning samaradorligi va natijadorligini oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatining ta'lim jarayoni bilan integratsiyasini ta'minlash uchun mas'ul bo‘lgan direktor o‘rinbosari – Institutning ilmiy rahbari lavozimi joriy etildi. Bo‘limlar o‘rniga matematikaning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy laboratoriyalar tashkil etiladi. Shuningdek, yosh matematiklar o‘quv markazini tashkil etish nazarda tutilgan.

Qarorda, shuningdek, ham matematika fanlarini, ham Institutni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning aniq chora-tadbirlari belgilangan. Talab etiladigan ilmiy xodimlar soni qayta ko‘rib chiqildi. Xodimlarning ish haqini ularning ilmiy tadqiqotlarga qo‘shgan aniq ulushi hisobga olingan holda oshirish chora-tadbirlari belgilandi. Institut binosini mukammal ta'mirlashni, zarur uskunalar, hisoblash texnikasi vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan butlashni tashkil etish yuzasidan bir qator topshiriqlar berildi.

Fanlar akademiyasiga Maqsadli indikatorlar asosida Fanlar akademiyasi tizimiga kiradigan ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy bo‘linmalari va xodimlari faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqish; O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish tartibini belgilash bo‘yicha asosli takliflar kiritish topshirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid