Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Soliq xizmati organlarida korrupsiyaning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Prezidentning mazkur qarorida «Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ma'qullangan. Chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari, ijro muddati va mas'ullar belgilangan.
«Yo‘l xaritasi»ning beshinchi bobida — Davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari sanab o‘tilgan:
· Korrupsiyaning oldini olish tizimini rivojlantirish, xodimlarning halolligini baholash mezonlarini ishlab chiqish va ishga qabul qilish shartlarini, shuningdek, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni hisobga olgan holda kadrlar siyosatini takomillashtirish.
· Davlat soliq xizmati organlarida korrupsion xavflar yuzaga kelishining oldini olish (nazorat qilish) va holatni monitoring qilish bo‘yicha xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish, shuningdek, kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali insofsiz xodimlarni tizimdan chetlashtirishni nazarda tutuvchi tizimni joriy etish.
· Moddiy va nomoddiy rag‘batlantirish, xizmatda o‘sish, bilimini oshirish, sog‘lig‘ini tiklash, dam olish va boshqa yo‘nalishlarni yaxshilashni nazarda tutuvchi mehnat qilish sharoitlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
· Korrupsiyaga qarshi qonun hujjatlari talablariga muvofiq soliq sohasidagi korrupsion xavflarni bartaraf etish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani va biznes-jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni takomillashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqish.
· Faoliyatning ochiqligini ta'minlash, fuqarolar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish va soliq organlarining ijobiy imijini shakllantirish.