Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chekka qishloqlardagi ishsiz ayollar va yoshlar eksperimental markazlarda o‘qitiladi
Shu yilning avgust oyidan O‘zbekistonning 5 viloyatidagi 21 ta tuman (shahar)da tashkil etilgan eksperimental mahalliy rivojlanish markazlarida chekka hududlarda yashovchi ishsiz, kam ta'minlangan xotin-qizlar va yoshlarni kasbiy ko‘nikmalar bo‘yicha o‘qitish ishlari boshlanadi hamda ularning yakka tartibda yoxud oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratishlariga ko‘maklashiladi.
Bu haqda bugun, 13 iyul kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida o‘tkazilgan “Andijon, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining qishloq hududlarida ijtimoiy muammolarni hal qilish hamda kam ta'minlangan aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta'minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etishdagi ijtimoiy hamkorlikning innovatsion mexanizmlari” davlat ijtimoiy buyurtma loyihasi taqdimotida ma'lum qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

23 yildan buyon Samarqand shahrida samarali faoliyat yuritib kelayotgan “Sabr” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu ijtimoiy loyiha asosan olis qishloqlarga kirib borishni ko‘zlagan.
“Mazkur loyihani ikki yil davomida tayyorladik. Dastlab Respublikamizdagi ishsizlar soni ko‘p va hudud jihatdan katta hisoblangan viloyatlardan boshlashga qaror qildik. Eksperimental markazlar faoliyatini mahalliy hokimiyat organlari, o‘nlab hamkor tashkilotlar va hududiy NNTlar ko‘magida yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Loyiha doirasidagi hududlarda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar yo‘nalishi bo‘yicha har bir viloyatda 6 tadan 8 tagacha qisqa muddatli (2-3 oylik) tayyorlov kurslarini tashkil etyapmiz. Markazlar qoshida kam ta'minlangan oilalarning ijtimoiy muammolarini bartaraf etish uchun mutaxassis (psixolog, tibbiyot xodimi, yurist va h.k)lar maslahatxonalarini yo‘lga qo‘yish, tegishli mavzularda seminar-treninglar o‘tkazish, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida “Faol insonlar” klubi va “Axborot-resurs choyxonasi”ni ham tashkil etish rejalashtirilgan”, - deydi “Sabr” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi direktori Mavludaxon Shirinova.
Tadbirda ta'kidlanishicha, yuqorida nomi qayd etilgan 5 ta hududda 1600 nafar ishsiz aholi ro‘yxatga olinib, ularga qisqa kurslardan keyin kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lganligini tasdiqlovchi sertifikatlar beriladi. 800 nafariga esa imtiyozli mikroqarz yoki mikrokreditlar ajratilib, shaxsiy karerasini boshlash va ishsizlarni ish bilan ta'minlashlari uchun imkoniyat yaratiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkinjon Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu beshala viloyatda ochilayotgan eksperimental mahalliy rivojlanish markazlari uchun vazirlik o‘z huzuridagi kasb-hunar kollejlardan munosibini ta'mirlangan holda ajratib, ularning oz muddatli kurslar davomida sarf etilgan kommunal xizmat xarajatlarini to‘lab beradi. Shuningdek, qisqa kurslarda kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan va o‘z tadbirkorligini boshlash istagini bildirgan tinglovchilarga tadbirkorlik va shaxsiy biznesini rivojlantirishi uchun imtiyozli shartlarda mikroqarzlar ajratish bo‘yicha tijorat banklariga belgilangan tartibda tavsiyalar berish hamda ro‘yxatdan o‘tish xarajatlarini qoplash yuzasidan subsidiyalar ajratilishida ham ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida ham 2020 yilda tashkil etiladigan pilot mahalliy rivojlanish markazlari uchun Konsepsiya yaratish ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
20:11 / 20.04.2026
O‘zbekiston aholi bandligi bo‘yicha 187 ta davlat orasida 114-o‘rinni egalladi
15:21 / 23.02.2026
Rockwool: Ukrainada ishsizlik urushdan oldingi darajaga yaqinlashdi
16:17 / 31.01.2026
Germaniyada ishsizlar soni uch milliondan oshdi
22:24 / 28.01.2026