2019 yil 18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida qonun loyihalari bilan birga, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishning asosiy mavzusi tonirovkaga nisbatan kamroq qoraytirilgan oynalarga ruxsat berish masalasi bo‘ldi.
Bu yilgi yoz oylari O‘zbekiston meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida eng issiq ekani qayd etilmoqda. Ayniqsa, bunday jazirama kunlar avtomobil haydovchilariga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik, ayniqsa, haydovchilar tomonidan qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan mavzu, shubhasiz, avtomobil oynalarini qoraytirish («tonirovka») masalasidir.
Yig‘ilishda «Adolat» SDP fraksiyasi deputatlariga xalqimiz tomonidan haydovchi va yo‘lovchilarni yozning jazirama issig‘idan himoya qilishda yetarlicha sharoitlar yaratish masalasi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushayotgani ta'kidlangan. Murojaatlarda asosiy masala sifatida, yozning issig‘idan, quyoshning nurlaridan, ayniqsa, ultrabinafsha nurlaridan saqlanishda avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat berish so‘ralgan.
«Hozir foydalanishda zavoddan chiqadigan standart bo‘yicha oyna va pul evaziga qilinadigan tonirovkali oynalar bor. Biz yurtimizdagi issiq ob-havoni hisobga olib termal plyonkali oynalar bo‘yicha taklif kiritmoqchimiz. Haydovchilar e'tiroz bildirishmoqda. Biz taklif bermoqchi bo‘lgan oynalar zavoddan chiqqan standartli oynalarga nisbatan 15 foiz qoraytirilgan bo‘ladi. Bu issiqlikni qaytarmaydi, lekin ultrabinafsha nuri bilan quyoshning zararli nurlarini, 85 foiz issiqligini o‘zida ushlab qoladi. Ammo, yorug‘lik tushadi. Ichini bemalol ko‘rish mumkin. Nega biz buni taklif qilib kirityapmiz? Standart bo‘yicha zavoddan 30 foiz qoraytirilib ishlab chiqarilsa, buni qo‘shganda 45 foiz qorayib javobgarlikka asos bo‘lib qoladi. Qonun bo‘yicha 70 foizdan oshmasligi kerak. Buning uchun tegishli to‘lovni amalga oshirish kerak. Tajriba qilib ko‘rdikki, 45 foizdan oshib ketsa, ichkari ko‘rinmay qoladi. Tajribani ««O‘zstandart»» agentligi vakillari bilan o‘tkazdik», deydi Oliy Majlis deputati Umid Sulaymonov.
Shuningdek, deputat hozirgi kunda ushbu qarorga sezilayotgan ehtiyoj va aholiga nisbatan notenglik haqida ta'kidlab o‘tdi.
«O‘zi tonirovka qilish yozning issig‘idan, ayniqsa bu yilgi issiqni ko‘rib turibsiz, quyosh nuridan, ultrabinafsha nuridan saqlanish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. Hammaga ma'lumki, avtomobil oynalari tusini qoraytirish, ya'ni tonirovka eng kam oylik ish haqining 90 barobari hisobida to‘lov qilinishi kerak. Bu 18 million so‘mdan ortiq mablag‘ni to‘lashga to‘g‘ri keladi. Shunda ham to‘lovga qurbi yetsa. Shunda ham faqat orqa oynalar qoraytirilishi mumkin. Haydovchilar quyosh issig‘idan baribir aziyat chekishadi. Pul to‘laydi, lekin baribir o‘sha ahvol. Ommaviy axborot vositalarida aytildiki, ichki ishlar organlari tomonidan xavfsizlik nuqtai-nazaridan to‘g‘ri emas. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Ham xalqimizga, ham xavfsizligimizga to‘g‘ri keluvchi yechimga kelish mumkin. Izlanishlarimiz bilan yuqoridagi taklifga keldik. Bunda ham haydovchining sog‘lig‘i ziyon ko‘rmaydi, ham xavfsizlik masalasi o‘z yechimini topadi. Biz ikkita mashinani 10-15 daqiqa issiqda qoldirib sinab ko‘rdik. Biri termal plyonkali oynada, biri zavoddan chiqqan holatdagisi. Shu vaqt oralig‘ida farq 5-8 darajada bo‘ldi. Uzoq tursa, yana ham bu farq oshadi. Shu sababli, tonirovka pul hisobiga bo‘lsa ham, lekin shu turdagi oynalar bepul bo‘lishi lozim», deya deputatning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.


















