Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda qo‘shilishi mumkin. 27 mart kuni Ichki ishlar vazirligi tegishli qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyihada kodeksga “tonirovka” bo‘yicha quyidagi mazmundagi yangi 126-1-moddani kiritish taklif etilgan:
“126-1-modda. Oynalar tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnomada ko‘rsatilgan talablarni buzib transport vositalaridan foydalanish
Oynalar tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnomada belgilangan qoidalarga rioya qilmaslik – BHMning bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”.
BHMning 1 baravari hozirda 375 ming so‘mga teng.
Bugungi kunda O‘zbekistonda BHMning 8 baravari (3 mln so‘m) to‘lov qilib, mashinaning old yon oynalari tusini o‘zgartirish mumkin. Ruxsatnoma my.gov.uz portalidan onlayn olinsa, to‘lov miqdori chegirma bilan 2,7 mln so‘m bo‘ladi.
Bu ruxsatnomada belgilangan me’yorga ko‘ra, old yon oynalar tusini 30 foizgacha qoraytirish mumkin.
YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, amaliyotda ruxsatnoma olganidan keyin oynalarni 50 foiz va 100 foizgacha qoraytirish holatlari uchramoqda.
Bunday vaziyatda, amaldagi MJtKning 126-moddasi (ko‘zgusimon yoki qoraytirilgan oynali transport vositalaridan ruxsatnomasiz foydalanganlik) asosida, BHMning 25 baravari miqdorida (hozirgi kunda 9 mln 375 ming so‘m) jarima qo‘llanmoqda.
“Bir necha millionga “tonirovka” uchun ruxsatnoma olsa-yu, lekin yana tonirovkasi yo‘qlardek, BHMning 25 barobari miqdorida jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelsa, bu adolatsizlik bo‘ladi, deb hisobladik.
Shuning uchun tonirovka ruxsatnomasida belgilangan me’yorlarga amal qilmaganlar uchun alohida, BHMning 1 barobari miqdorida jarima qo‘llash bo‘yicha tashabbus bildirib, shu loyiha ishlab chiqildi.















