O‘zbekiston | 16:21 / 19.07.2019
16258
5 daqiqa o‘qiladi

Xonadon ichidagi o‘lchov asboblarini tekshirishga to‘sqinlik qilganlar ma'muriy javobgarlikka tortiladi  

Foto: 123RF

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi  kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin:

159-moddaning nomi va dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
 
“159-modda. Ko‘p kvartirali uy va uning atrofidagi yerlarni saqlash hamda ulardan foydalanish qoidalarini buzish  
 
Ko‘p kvartirali uy va uning atrofidagi yerlarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish, umum foydalanadigan joylarni sanitariya holatida, muhandislik qurilmalarini saqlash qoidalarini buzish, ularni texnik saqlab turish va ta'mirlash yuzasidan o‘z vaqtida ishlarni amalga oshirmaslik, ko‘p kvartirali uylarda xonalarni ta'mirlash, o‘zgartirish va qayta uskunalash bo‘yicha binolar xavfsizligini ta'minlash tartibi qoidalarini buzish, ko‘p kvartirali uylardagi chorva mollarni, xuddi shuningdek odamlarning salomatligiga xavf soluvchi hayvonlarni boqish”,

quyidagi tahrirdagi 159-2-modda bilan to‘ldiriladi:

“159-2-modda.  Davlat nazorat organi, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar yoki avariya-ta'mirlash xizmati vakillarining ko‘p kvartirali uy mulkdorlari tomonidan o‘lchov asboblarining ko‘rsatkichlarini va kvartira ichki qismidagi umumiy foydalanishda bo‘lgan muhandislik qurilmalaridagi nosozliklarni aniqlashiga to‘sqinlik qilish
 
Davlat nazorat organi, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar yoki avariya-ta'mirlash xizmati vakillarining ko‘p kvartirali uy mulkdorlari o‘ziga tegishli kvartiradagi o‘lchov asboblarining (isitish, elektr, suv, gaz ta'minoti va boshqalar) ko‘rsatkichlarini va kvartira ichki qismidagi umumiy foydalanishda bo‘lgan muhandislik qurilmalaridagi nosozliklarni aniqlashiga to‘sqinlik qilishi yoki avariya holati yuzaga kelgan taqdirda, uni darhol bartaraf etish uchun kirishlariga to‘sqinlik qilishi - eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa - eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.
 
245-moddaning birinchi qismi “159” raqamidan keyin quyidagi so‘zlar bilan to‘ldiriladi:

“(Ko‘p kvartirali uy va uning atrofidagi yerlarni saqlash hamda ulardan foydalanish qoidalarini buzishdan tashqari)”,
 
Quyidagi mazmundagi 266-5-modda bilan to‘ldiriladi:
 
“266-5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlari

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlariga ushbu Kodeksning 159-moddasi (Ko‘p kvartirali uy va uning atrofidagi yerlarni saqlash hamda ulardan foydalanish qoidalarini buzishga oid qismida) va 159-2-moddasida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlari nomidan mazkur moddaning birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jarima solish tariqasida ma'muriy jazo chorasi qo‘llashga quyidagilar haqlidir:

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining boshlig‘i;

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining hududiy inspeksiyalari boshliqlari”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid