Jahon | 23:30 / 22.07.2019
35197
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda Qirg‘iziston bilan chegaradagi mojaroda 16 kishi jabrlangani ma'lum qilindi  

Foto: Turmush

Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasidagi mojaro sababli 16 tojik jabrlandi, militsiyaning bir xodimi og‘ir yaralandi. Bu haqda mojaro chiqqan Vorux qishlog‘i joylashgan Isfara tumani rahbariyatida ma'lum qilindi.   

Avvalroq Qirg‘iziston chegara xizmati Tojikiston chegarasidagi otishmada 5 kishi jabrlanganini ma'lum qilgan. Dushanbeda bir kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingan. 

“Vorux qishlog‘i va Qirg‘izistonning Aksay qishlog‘i o‘rtasidagi chegarada 16 tojik toshlar zarbasidan turli og‘irlikdagi jarohatlar oldi”, deb aytilgan xabarda. Ma'lum qilinishicha, militsiya xodimi shoshilinch operatsiya qilinib, hozirda shifoxonaning jonlantirish bo‘limida qolmoqda. 

Keyinroq So‘g‘d viloyati ichki ishlar boshqarmasida mojaro vaqtida bir kishi halok bo‘lgani, 5 kishi o‘qotar, 10 kishi toshlar zarbasidan jarohat olgani ma'lum qilingan. 

“Qishloq maktabi o‘qituvchisi Jaloliddin Qorayev ko‘zidan o‘qotar jarohat olib, voqea joyida halok bo‘lgan”, deb xabar qilgan Tojikiston tomoni.

Bishkekda ta'kidlanishicha, mojaroga Vorux qishlog‘i aholisi tomonidan qishloqqa kiraverishda flagshtok o‘rnatilgani sabab bo‘lgan. Qirg‘izistonning Aksay qishlog‘i aholisi bunga qarshi chiqqan. Shundan keyin dahanaki jang chiqqan va tomonlardan biri qurol ishlatgan. O‘z navbatida Dushanbeda mojaro Vorux qishlog‘i hududida “Aksay” yozuvli tosh o‘rnatilgani sababli boshlangani aytilgan. 

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mahalliy aholi yoki ikki davlat chegarachilari o‘rtasida vaqti-vaqti bilan mojaro chiqib turadi. Buning asosiy sababi chegaraning delimitatsiya qilinmagan hududlari hisoblanib, bu hududlarda davlatlar o‘rtasida chegara qayerdan o‘tganini bilishning imkoni yo‘q.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid