Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘izistonda sud Qamchibek Tashiyevga yengil jazo tayinladi
Bir guruh ayblanuvchilar, jumladan, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyev «Hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallash» moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi. Ularga 3 yillik probatsiya nazorati tayinlandi, bunda jazo koloniyada o‘talmaydi.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrining Pervomayskiy tuman sudi 2 iyul kuni «75 nafar shaxs xati» deb nomlangan jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqardi.
Sud muhokamasi yopiq tarzda o‘tganiga qaramay, hukm omma oldida e’lon qilindi. Qarorni raislik qiluvchi sudya Aziret Mederov o‘qib eshittirdi.
Barcha ayblanuvchilar «Hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallash» moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, mol-mulki musodara qilingan holda 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Biroq, ushbu jazo 3uch yillik probatsiya nazorati bilan almashtirildi. Shu bois mahkumlar jazoni koloniyada o‘tamaydi.
Ish bo‘yicha sudlanganlar:
-
Qamchibek Tashiyev, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq raisi;
-
Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Jo‘g‘o‘rqu Keneshning sobiq spikeri;
-
Qurmanqul Zulushev, Jo‘g‘o‘rqu Keneshning sobiq deputati;
-
Bekbo‘lot Talg‘arbekov, jamoat arbobi;
-
Emilbek Uzoqboyev, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi;
-
Qurmanbek Diyqanboyev, Jo‘g‘o‘rqu Keneshning sobiq deputati;
-
Aali Karashev, sobiq bosh vazir o‘rinbosari va sobiq deputat;
-
Qursan Asanov, Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari.
Shu bilan birga, sud figurantlarni «Mansab vakolatini suiiste’mol qilish» moddasi bo‘yicha oqladi. Fevral oyidan buyon hibsda saqlanayotgan besh nafar figurant — Talg‘arbekov, Uzoqboyev, Diyqanboyev, Karashev va Asanov sud zalida ozod qilindi.
Probatsiya — bu mahkumlarning jazoni koloniyada o‘tamasligini, biroq sud tomonidan belgilangan muddat davomida probatsiya organlari nazorati ostida bo‘lishini anglatadi.
Qamchibek Tashiyevning advokati Ikromiddin Aytqulov hukmdan noroziligini va uni yuqori instansiyaga shikoyat qilish niyatida ekanini bildirdi.
Avvalroq davlat prokurori figurantlarni aybdor deb topib, ularning har biriga 9 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘ragan edi.
Ushbu jinoyat ishi bir guruh siyosatchilar va jamoat arboblarining murojaati bilan bog‘liq. Unda muddatidan oldin prezidentlik saylovini o‘tkazish va davlat rahbari vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish zarurligi haqida so‘z borgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, «75 nafar shaxs xati» shunchaki siyosiy bayonot emas, balki mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish va hokimiyatni almashtirish kampaniyasining bir qismi bo‘lgan.
Ish figurantlari sudda aybiga iqror bo‘lmadi.
Mavzuga oid
17:41 / 02.07.2026
Qirg‘iziston Rossiyaning benzin eksportini taqiqlashi ortidan O‘zbekistondan yoqilg‘i so‘radi
16:34 / 01.07.2026
Qirg‘iziston 650 kg kolbasa mahsulotlarini O‘zbekistonga qaytarib yubordi
20:14 / 29.06.2026
Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanayotganlarga 9 yillik qamoq jazosi so‘raldi
10:14 / 24.06.2026