Jahon | 17:41
1296
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Rossiyaning benzin eksportini taqiqlashi ortidan O‘zbekistondan yoqilg‘i so‘radi

Rasmiylar nafaqat Rossiya, balki Belarus, Ozarboyjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan ham yoqilg‘i importi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Foto: Qirg‘iziston energetika vazirligi

Qirg‘iziston Rossiyaning benzin va aviakerosin eksportini taqiqlashi ortidan 5 ta davlatga barqaror yoqilg‘i yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha rasmiy murojaat yubordi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Rasmiylar nafaqat Rossiya, balki Belarus, Ozarboyjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan ham yoqilg‘i importi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Qirg‘iziston deyarli to‘liq Rossiya yoqilg‘isiga bog‘liq. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yillik 1,6 million tonnaga yaqin yoqilg‘i-moylash materiallarining 90-95 foizi Rossiyadan import qilinadi, benzin bo‘yicha esa Rossiya ulushi deyarli 100 foizga yetadi.

«Qirg‘iziston yoqilg‘i-moylash materiallarining asosiy qismini import qiladi. Shu munosabat bilan jahon energetika bozoridagi o‘zgarishlar, jumladan, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik, xalqaro logistikadagi xatarlar va jahon neft narxlarining oshishi ko‘plab boshqa davlatlar bozorlari kabi mamlakat ichki bozoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda», deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Vazirlikning ta’kidlashicha, bugungi kunda respublikada yoqilg‘ining yetarli zaxiralari shakllantirilgan va ilgari tuzilgan shartnomalarga muvofiq ta’minot muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. Taqchillikning oldini olish uchun hukumat ta’minotni diversifikatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Shu bilan birga, hukumat ichki imkoniyatlarni kengaytirish bilan shug‘ullandi. Xususan, Chuy viloyatidagi «Junda» neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) rahbariyatiga benzin va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish topshirildi.

2026 yil 2 apreldan boshlab Rossiyada benzin eksportini to‘liq taqiqlash, 30 maydan esa aviakerosin eksportini taqiqlash joriy etildi. Rasmiy ravishda, cheklovlar Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) mamlakatlariga va hukumatlararo bitimlar bo‘yicha yetkazib berishga taalluqli emas. Biroq, 2025 yil oktabr oyidan boshlab Rossiya hukumati bu ta’minotni kvotalar bilan chekladi. 28 iyun kuni yoqilg‘i bozori masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Vladimir Putin eng yirik neftni qayta ishlash zavodlari quvvatidan maksimal darajada foydalanilayotganini, o‘rta va kichik zavodlar salohiyati ishga tushirilganini, joriy ta’mirlash muddatlari qisqartirilganini, rejalashtirilganlari esa kechiktirilganini ma’lum qildi.

Mavjud yoqilg‘i zaxiralari Rossiyaning ichki bozoriga yo‘naltirilgan. Shunga qaramay, yoqilg‘i-moylash materiallari taqchilligi butun mamlakat bo‘ylab sezilmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva hatto Qozog‘istondan yordam so‘rab, 50 ming tonnaga yaqin Ai-92 benzinini import qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan. Astana rasmiy so‘rov faktini rad etmoqda. Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiyaga benzin yetkazib berishni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi, ammo faqat Rossiya hukumatining rasmiy murojaati, o‘zaro manfaatli tijorat shartlariga rioya qilish va erkin yoqilg‘i hajmi mavjudligi sharti bilan, chunki Qozog‘iston uchun o‘z ichki bozori ustuvor bo‘lib qolmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid