O‘zbekiston | 11:07 / 23.07.2019
5156
4 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga doir axborotdan foydalanishning shaffof mexanizmi joriy etiladi

Foto: O‘zA

Vazirlar Mahkamasining 17.07.2019 yildagi 599-son qarori bilan Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning yer kadastriga doir axborotni vazirliklar va idoralarning hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirish va ulardan foydalanish tartibi tasdiqlandi.
 
Norma’ning yozishicha, 1 avgustdan boshlab bunday axborotdan erkin foydalanishning zamonaviy va shaffof mexanizmi joriy etiladi. 
 
Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida taqsimlanmagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar to‘g‘risidagi axborotlar ochiq foydalanish uchun mo‘ljallangan. Ushbu axborotdan vakolatli vazirlik, idora va tashkilotlar qatori barcha yuridik va jismoniy shaxslar ham foydalana oladilar. Qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga taqsimlab bo‘lingan yer uchastkalariga doir axborotga kirish imkoniyati cheklangan. Ulardan faqat tegishli vazirlik va idoralar hamda tashkilotlar foydalanishi mumkin.
 
Axborotlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari huzurida tashkil etilgan Yagona elektron axborot markazi (YaEAM) agroonline.uz dasturi doirasida shakllantiriladi, yangilanadi va foydalaniladi. 
 
Mas'ul tuzilmalar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar to‘g‘risida qanday axborotlarni shakllantirishi va e'lon qilishi belgilandi:
 
1) «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi organlari tomonidan: yer uchastkasidan foydalanuvchilar nomi, xo‘jalik va huquqiy rejimi, joylashgan joyi (manzili), chegarasi, kontur raqami, maydoni, yer toifalari va turlari, tuproqning unumdorligi (ball boniteti);
 
2) suv xo‘jaligi organlari:

• yerlarning suv bilan ta'minlanganlik darajasi, shu jumladan, ularning manbai;
• sug‘orish uchun suv chiqarish usullari (oqar suv yoki nasos orqali yetkazib berish usuli), ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar, shu jumladan, tomchilatib sug‘orishning joriy qilinganligi;
• tuproqning meliorativ holati, yer osti suvlarining sathi va tarkibi, kollektor-drenaj tarmoqlarining holati;
• sug‘orish tarmoqlari va inshootlarini, nasos stansiyalarini kapital va joriy ta'mirlash dasturlari va boshqalar;
 
3) qishloq xo‘jaligi organlari:

• ekilishi belgilangan qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, shu jumladan, urug‘lik ekinlari turlari;
• mavjud bog‘lar, tokzor, tutzorlar va boshqa mevali daraxtzorlarning holati;
• mavjud chorva mollari va parrandalar, shuningdek, baliqchilik va asalarichilik to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
• bo‘lg‘usi qishloq xo‘jaligi tashkilotlarini tashkil etish yo‘nalishlari to‘g‘risida takliflar;
 
4) fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari: faoliyat yuritayotgan, shu jumladan, past rentabelli hamda zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanib yuqori rentabellik darajasiga erishgan fermer xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma'lumotlar.  
 
Taqdim etilgan axborotlar YaEAMda umumlashtiriladi va  vazirliklar, idoralar, shuningdek viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklarining rasmiy veb-saytiga kiritish uchun elektron shaklda yuboriladi. Bunda taqdim etilgan hujjatlardan tabaqalashtirilgan (ochiq va cheklangan) foydalanish mexanizmi tashkil etilishi lozim.
  
Hujjat 18.07.2019 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid