O‘zbekiston | 09:58 / 24.07.2019
11617
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Irlandiyaga qator takliflar bilan chiqdi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov BMT Xavfsizlik Kengashining Muvaqqat a'zoligiga Irlandiyani saylash uchun mamlakat nomzodini ilgari surish bo‘yicha hukumatning maxsus vakili Devid Dnohyu bilan uchrashdi.

Suhbat davomida ikki tomon kun tartibi hamda mamlakatlarning xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorligiga doir keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi, deyiladi TIV xabarida.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Irlandiyaning dolzarb xalqaro muammolarning aksariyati bo‘yicha o‘xshash mavqega egaligi hamda tomonlarning fikricha, bu o‘xshashlik o‘zaro manfaat kasb etadigan barcha sohalarda munosabatlarni jadallashtirish uchun yaxshi asos ekanligi ta'kidlandi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Irlandiya hamkorligini faollashtirish bo‘yicha aniq takliflar ko‘rib chiqildi. Xususan, muntazam vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazishning muhimligi qayd etildi. Mazkur tadbirlar ikki tomon aloqalarining holatini tahlil qilish va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilash, asosiy xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashish imkonini beradi.

«O‘zbekiston – Yevropa ittifoqi» shaklidagi hamkorlikning istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar doirasida Irlandiya tomoni kelasi yil bahorida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro investitsiya forumiga, joriy yilning avgust oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivaliga hamda sentabr oyida Qo‘qon shahri mezbonlik qiladigan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga taklif qilindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid