O‘zbekiston | 14:11 / 24.07.2019
17609
2 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yil 24 iyul kuni Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, unda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining joriy yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilishi belgilangan maqsadli vazifalarning ijro etilishi bo‘yicha hisoboti eshitildi.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish mobaynida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida muayyan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ham aniqlandi. Jumladan, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish bo‘yicha vazifa doirasida belgilangan O‘zbekistonning milliy mahsulot va xizmatlarini jahon bozorlariga olib chiqish hamda mamlakatga sayyohlar oqimini oshirishda lozim darajadagi samaradorlikka hali erishilmagan.

Bundan tashqari, vazirlikning xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligini jadallashtirish, xususan fan va ta'lim sohalarida YuNeSKO, MDH, ShHT kabi tuzilmalar bilan o‘tkaziladigan tadbirlar ko‘lamini kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Majlisda senatorlar tomonidan qator tavsiyalar va takliflar bildirildi hamda Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid