Jamiyat | 16:00 / 25.07.2019
14819
3 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi yuklatilgan 8 ta topshiriqdan bor-yo‘g‘i 1 tasini bajargan - Senat

2019 yil 25 iyul kuni Oliy Majlis Senatida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining 2019 yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilishi belgilangan maqsadli vazifalarni bajarish yuzasidan hisoboti eshitildi. 

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, qo‘mita raisi Batir Matmuratov vazirlik faoliyatini qoniqarli emas, deya baholadi.

Matmuradovning aytishicha, 2019 yil davomida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga 28ta maqsadli vazifa yuklatilgan, 8tasi shu yilning birinchi yarim yilligida bajarilishi kerak edi. Atigi bittasi bajarilgan. Qilinmagan topshiriqlar quyidagilar:

  • Buxoro va Toshkent viloyatlarining 8ta qozonxona va 6,79 km issiqlik tarmoqlari ishga tushirilmagan;
  • ichimlik suvini o‘lchaydigan zamonaviy asboblar va uskunalarni xarid qilish uchun moliyalashtirish manbalari bugungi kungacha aniqlanmagan;
  • normativ-huquqiy hujjatlar huquqiy va texnik xatlovdan o‘tkazilmagan;
  • «Issiqlik ta'minoti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi vaqtida ishlab chiqilmagan;
  • Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlari suv ta'minoti va kanalizatsiya inshootlarini boshqaruvga berish bo‘yicha tanlov o‘tkazilmagan.

Qo‘mita xulosasiga ko‘ra, ishlar vaqtida bajarilmaganiga tegishli vazirlik va idoralarning Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi murojaatiga tegishli tartibda javob bermagani sabab qilib ko‘rsatildi. Jumladan, zamonaviy ichimlik suv o‘lchash asboblari va uskunalarini sotib olish uchun vazirlik tomonidan Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga moliyalashtirish yuzasidan 4 marta murojaat qilingan bo‘lsa-da, aniq javob berilmagan.

Qurilish me'yorlari va qoidalari «Suv ta'minoti, tashqi tarmoqlar va inshootlar» va «Kanalizatsiya, tashqi tarmoqlar va inshootlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish» loyihasi ishlab chiqilgan va Qurilish vazirligiga taqdim etilgan. Ammo hozirgacha bu talab qondirilmagan.

Mavzuga oid