Jahon | 08:32 / 29.07.2019
6230
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya bosh vaziri «keskin» Brexit reklamasiga 100 mln funt sarflaydi

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson YeI tarkibidan kelishuvsiz chiqishga tayyorgarlik doirasida reklama kampaniyasini boshlaydi. Buning uchun kelasi 3 oyda 100 mln funt sterling sarflanadi, deb yozmoqda The Guardian nashri hukumatdagi manbalariga asoslangan holda. 

Gazetaning yozishicha, Britaniya g‘aznachiligi kansleri Sajid Javid kelasi haftada YeI bilan kelishuvsiz Brexit jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun qo‘shimcha 1 mlrd funt sterling xarajat qilish ro‘yxatini e'lon qiladi. Uning 1/10 qismi reklama kampaniyasiga, shu jumladan har bir xonadonga axborot varaqasi tarqatishga sarf etiladi. 

The Guardian nashriga ko‘ra, mazkur kampaniya 1980-yillarda British Gas davlat kompaniyasi aksiyalarini xarid qilishni targ‘ib qilgan mashhur «Tell Sid» kampaniyasidan ham qamrovi keng bo‘ladi. 

Maqola mualliflarining ta'kidlashicha, Brexit uchun xarajatlar haqida ma'lumotlar shu haftada AQSh bilan boshlanadigan savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralar avvalida paydo bo‘lgan. Buyuk Britaniya savdo vaziri Elizabet Trass bu masalada AQShning Buyuk Britaniyadagi elchisi Vudi Jonson bilan uchrashadi, avgust oyida amerikalik hamkasbi bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida Vashingtonga boradi.

Jonson Buyuk Britaniya bosh vaziri vazifasiga kirishayotgan vaqtda qilgan nutqida, qanday bo‘lmasin mamlakatni 31 oktyabrgacha YeI tarkibidan chiqarishini aytgan edi. 

Mavzuga oid