Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
DTM vakili: «Ajratilgan 20 daqiqada jurnalistlar imtihon jarayonini kuzatishga ulguradi»
30 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi vakili ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda 29 iyul kuni start olgan oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarining qanday kechayotganligi xususida ma'lumot berildi.
Avval ma'lum qilinganidek, ommaviy axborot vositalari vakillari imtihon jarayonlarining belgilangan tartibga muvofiq tarzda va shaffof o‘tishini bevosita kuzatishi uchun 20 daqiqa (1-smenadagi imtihonlarda 10.00dan 10.20gacha, 2-smenadagi imtihonlarda 17.00dan 17.20gacha) vaqt ajratilgan. Qolgan vaqtda esa jurnalistlar jarayonni tashqaridan, monitor orqaligina kuzatishlari mumkin. Mazkur holat yuzasidan Davlat test markazi bosh boshqarmasi rahbari Barno Rajabov Kun.uz muxbiriga o‘z fikrini bayon qildi.
─ Ommaviy axborot vositalari vakillarining imtihon jarayonlarini yoritish tartibi Davlat test markazi tomonidan emas, balki Davlat komissiyasining 3-sonli bayonoti bilan belgilangan. Fikrimcha, jurnalistlarga ajratilgan 20 daqiqa jarayonni kuzatish, suratga, videotasvirga olish uchun yetarli.
Abituriyent test jarayoniga kirishib, topshiriqlar bilan tanishib, nuqsonli kitobni almashtirib olib, diqqatini bir joyga jamlagunga qadar muayyan vaqt kerak. Jarayonga kirishib olgach, atrofdagi harakatlar unga xalal bermaydi. Shundan keyin jurnalistlar ularga noqulaylik tug‘dirmasdan kuzatishlari imkoni bo‘ladi.
Test 8.00da boshlanadigan bo‘lsa, 15-20 daqiqada chiqib ketayotganlar ham bor. Bu abituriyentning testga yaxshi tayyor emasligi yoki o‘zi uchun oson savollarni uchratganligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Lekin abituriyentlarga 3 soat vaqt ajratilgan, yaxshi tayyorlanganlar oxirigacha o‘tirib, topshiriqlarni ishlayapti. Joylarda o‘rnatilgan monitorlarda ham imtihon jarayoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri translatsiya qilinyapti, bu ham ichkaridan turib ko‘rgandek gap. Ajratilgan vaqtni Davlat komissiyasi qayta ko‘rib chiqishi ham mumkin, ─ deydi u.
Shuningdek, Barno Rajabovning qayd etishicha, imtihon jarayonlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri translatsiya qiluvchi kamera va monitorlarning o‘chib qolish holatlari joylarda kuzatilmagan. Faqatgina Yunusobod tumanidagi “O‘zekspomarkazi” milliy ko‘rgazmalar majmuasida 17.00 va 18.00 oralig‘ida bir necha daqiqaga konditsionerlarning ishlamasligi kuzatilgan va bu noqulaylik bir necha daqiqa ichida bartaraf etilgan.
Mavzuga oid
14:39 / 26.07.2020
«DTM o‘zgarmasa, foydasi yo‘q» - ta'limdagi ikki imtihon birlashtirilishi haqida ekspert bilan suhbat
15:53 / 23.07.2020
8660 ta chet tili sertifikatining 581 tasi talabga javob bermasligi aniqlandi – DTM
13:08 / 22.07.2020
Bu yilgi eng yosh abituriyent 13 yosh, eng kattasi esa 95 yoshda
14:15 / 19.07.2020