O‘zbekiston | 02:17 / 31.07.2019
37920
3 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlar ogohlantiriladi: Qarshidagi Xalqaro ijtimoiy-iqtisodiyot universiteti faoliyati noqonuniy

Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, abituriyentlar va ularning ota-onalarini Qarshidagi Xalqaro ijtimoiy-iqtisodiyot Universiteti faoliyati noqonuniy ekanligidan ogohlantirmoqda. Inspeksiya Axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, so‘nggi kunlarda Xalqaro ijtimoiy-iqtisodiyot Universiteti nodavlat oliy ta'lim muassasasi va ushbu muassasa 2019/2020 o‘quv yiliga o‘qishga kirishga abituriyentlardan hujjat qabul qilayotganligi, ushbu xizmat uchun pul undirilayotganligi haqida fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Unda ta'kidlanishicha, Xalqaro ijtimoiy-iqtisodiyot Universiteti NTM Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga litsenziya olish uchun bir necha bor ariza bilan murojaat qilgan. Lekin mazkur muassasa oliy ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun belgilangan talab va normalarga javob bermaydi. U mulkiy huquq bilan tegishli bo‘lgan bino va inshootlar bilan ta'minlanmagan. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya asbob-uskunalari, o‘qitishning texnik vositalari va anjomlar bilan jihozlangan auditoriyalar va o‘quv xonalari mavjud emas. Ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olib, o‘qitishning innovatsion shakllari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida ta'lim sohasidagi samaradorlik va natijadorlikni oshirish uchun kerakli shart-sharoitlar yaratilmagan. Yuqoridagi sabablar bois, Inspeksiya tomonidan litsenziya berish rad etilgan. 

«Ushbu muassasaning norasmiy faoliyati bo‘yicha Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Qashqadaryo viloyati hokimligiga xat yuborilgan.
Oliy o‘quv yurtida o‘qish istagida bo‘lgan yoshlarga va ularning ota-onalariga Xalqaro ijtimoiy-iqtisodiyot Universiteti  NTM hech qanday litsenziyaga ega emasligini va ularning faoliyati noqonuniyligini eslatib o‘tmoqchimiz va bunday yolg‘on ma'lumotlarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz», - deyiladi axborotda.

Shu bilan birga, litsenziya olgan nodavlat ta'lim muassasalari to‘g‘risida ma'lumotlarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-sahifasida joylashgan litsenziyalar reyestridan hamda +998 71 231-07-53 (ichki raqamlar 1020, 1027, 1037) orqali to‘liq ma'lumotlarni olish mumkinligi eslatilgan.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid