10:00 / 31.07.2019
8542

O‘zbekistonda innovatsion hassa yaratildi. U ultratovush sensorga ega

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi tomonidan yosh iste'dodli tadqiqotchilar Bunyod Zaripov va O‘lmas Zoirov yaratgan “Innovatsion hassa” loyihasi amaliyotga tatbiq etildi. Loyihaning taqdimoti joriy yilning 29 iyul kuni Toshkent viloyatining Pskent tumanida bo‘lib o‘tdi.

Ko‘zi ojiz insonlar va eshitishida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan mazkur innovatsion hassa ularning jamiyatda ijtimoiy faollik ko‘nikmalarini oshirishiga xizmat qiladi. Innovatsion hassaning qulayliklari — mijoz harakatlanayotganida 2 metr masofa oralig‘ida mavjud to‘siq va chuqurliklar to‘g‘risida elektromagnit to‘lqinli signallar tarqatgan holda ma'lumot to‘playdi va hassa egasini ovoz chiqarish yoki tebranish orqali ogohlantiradi. Ultratovush sensori 30 gradus burchakda to‘siq va chuqurliklarni aniqlay oladi. Innovatsion hassa foydalanuvchi uchun jamoat transport vositalaridan foydalanayotganlarida ham ishonchli bufer vazifasini bajaradi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Ta'kidlash joizki, hozirgi kunda yurtimizda 66 mingdan ortiq ko‘zi ojiz fuqarolar mavjud bo‘lib, ulardan 41 ming nafari “Ko‘zi ojizlar jamiyati”ning a'zosi hisoblanadi. Shulardan 2 ming nafari ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etib kelmoqda. 

Innovatsion hassaning Pskent tumani ko‘zi ojizlar jamiyati a'zolariga topshirilishi bu kabi xayrli ishlarning debochasi hisoblanadi. Kelgusida Innovatsion ishlanmalarni joriy etish markazi va yosh tadqiqotchi bilan hamkorlikdagi ushbu loyiha amaliyotga keng tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Top