O‘zbekiston | 20:49 / 02.08.2019
11944
3 daqiqa o‘qiladi

6 oy ichida «snos» bo‘yicha 2090ta sud ishi ko‘rib chiqilgan

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida «Odil sudlovni amalga oshirishda sudlar faoliyatining 2019 yil birinchi yarim yillik yakunlari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy sudi raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov, jinoyat, fuqarolik, ma'muriy, iqtisodiy ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi o‘rinbosarlari qatnashdi va jurnalistlarga ma'lumotlar berishdi. Xususan, Xolmo‘min Yodgorov sud tizimidagi o‘zgarishlar, chora ko‘rilgan sudyalar haqida ma'lumot berib o‘tdi.

«Sudyalarga nisbatan ham jinoiy ishlar ochilgan holatlar mavjud. Bunday ishlardan 4tasi ko‘rib chiqilgan, ulardan bittasi Oliy sud sudyasiga oid ish. Sudyaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish Oliy sud plenumida muhokama qilinadi. 11 nafar sudya muddatidan oldin lavozimidan ozod etilgan. Ularning 4 nafari o‘z arizasi bilan, qolganlari sudyalik qasamyodini buzgan deya baholanib vakolati tugatilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha ishlarda 16ta xususiy ajrim, shundan 6ta intizomiy ish qo‘zg‘atilgan. Fuqarolik sudi sudyalariga esa 36ta xususiy ajrim chiqarilgan va 15ta intizomiy chora ko‘rilgan. Ma'muriy sudlarda bu holat 5ta xususiy ajrim bo‘lib, 2ta intizomiy chora qo‘llangan. Iqtisodiy sud sudyalariga xususiy ajrimlar chiqarilmagan. Sudyaning xatti-harakatidan norozi bo‘lib yozilgan shikoyatlarga asosan jami 83ta intizomiy ish qo‘zg‘atilgan. 36tasi ogohlantirish bilan tugagan, jinoyat ishlarida 10 nafar sudyaga hayfsan berilgan, 3 nafar sudya jarima to‘lagan bo‘lsa, fuqarolik sudlarida 18 nafar sudya hayfsan olgan, 2 nafar sudya jarima to‘lagan. Ma'muriy sudlarda esa 8 nafar sudya hayfsan olgan, 1 nafar sudya jarima to‘lagan. Iqtisodiy sudlarda bunday ko‘rsatkichlar qayd etilmagan», - deya Oliy sud raisi o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oliy sud matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, yarim yillik davomida matbuot tomonidan sudlar faoliyatiga doir 54ta tanqidiy maqola e'lon qilingan va bulardan 33tasiga munosabat bildirilgan, 19tasi esa o‘rganilmoqda.

Matbuot anjumanida hozirgi kunda avj olayotgan «snos» masalasida ham ko‘rilgan ishlar bo‘yicha ma'lumot berildi. Ma'lum qilinishicha, 2019 yilning birinchi yarmida 2090ta sud ishi ko‘rib chiqilgan, 1249ta da'vo qanoatlantirilgan, 177tasi rad etilgan, 498tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 166ta ish yurituvdan tugatilgan.

Mavzuga oid