Jahon | 22:12 / 05.08.2019
4661
2 daqiqa o‘qiladi

Qohirada avtohalokat oqibatida yuz bergani taxmin qilingan portlash terakt deb ataldi

Foto: REUTERS / Shokry Hussein

Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisiy Qohirada 20 kishining umriga ziyon bo‘lgan portlashni terakt deb atadi.

Avvalroq fojiaga kislorod balloni portlashi sabab bo‘lgani taxmin qilingandi. 

Voqea oqibatida yana 47 kishi jarohat olgan.

“Men Misr xalqi va terakt oqibatida halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildiraman”, deb aytgan Misr prezidenti. 

Avvalroq Misr ichki ishlar vazirligi Onkologiya milliy instituti yaqinidagi portlashga avtomashinalar to‘qnashuvi olib kelganini ma'lum qilgandi. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, portlash minalashtirilgan mashina yordamida amalga oshirilgan. Avtomobil oldinroq o‘g‘irlab ketilgan bo‘lgan.

“Avtomobil qarama-qarshi yo‘nalish bo‘yicha harakat qilgan. U bir necha oy avval al-Manufiya viloyatida o‘g‘irlangan. Ekspertiza mashinada portlovchi modda bo‘lganini ko‘rsatdi”, deyilgan ichki ishlar vazirligi bayonotida.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, terakt ortida “Musulmon birodarlar” terrorchilik guruhiga tegishli “Hasam” harakati turgani aytilgan.

“Dastlabki tergov hujum va mashinaning minalashtirilishi hamda teraktni amalga oshirishga tayyorgarlik ortida “Hasam” harakati turganini ko‘rsatmoqda”, deyilgan xabarda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid