O‘zbekiston | 08:25 / 06.08.2019
4509
6 daqiqa o‘qiladi

Tashqi iqtisodiy faoliyatning nohalol ishtirokchilari ro‘yxatini yuritish tartibi tasdiqlanadi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Tashqi iqtisodiy faoliyatning nohalol ishtirokchilari ro‘yxatini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Hujjat bilan tashqi iqtisodiy faoliyatning nohalol ishtirokchilari ro‘yxatini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Markaziy banki bilan hamkorlikda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimini (TSOYaEAT) takomillashtirish hamda foydalanish va nazorat tadbirlarining samaradorligini oshirish maqsadida real vaqt rejimida ma'lumot va tahliliy hisobotlarni shakllantirish imkoniyatini yaratadi.

Quyidagilar TSOYaEATga tegishli axborotlarni to‘g‘ri va haqqoniy kiritilishiga, ularni o‘z vaqtida yangilab borilishiga hamda shakllangan ma'lumotlarning to‘g‘riligi uchun mas'ul etib belgilanadi:

tashqi savdo shartnomalarining to‘lov (ish, xizmat)lar bilan bog‘liq qismiga – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki;

tovarlar harakati bilan bog‘liq qismiga – Davlat bojxona qo‘mitasi.

TSOYaEATda shakllangan noto‘g‘ri ma'lumotlar asosida tadbirkorlik sub'yektlari qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilganda, jumladan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun javobgarlikka tortilgan holatlarida yetkazilgan zarar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishliligi bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari foydasiga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Davlat bojxona qo‘mitasi hisobidan qoplanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Markaziy banki o‘rtasida real vaqt rejimida Tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor va kreditor qarzdorliklar to‘g‘risidagi hamda soliq qarzi bo‘yicha TSOYaEAT orqali ma'lumotlar almashish ilovadagi sxema asosida amalga oshiriladi.

Tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha debitor qarzdorlik muddatlari valutani tartibga solish borasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.

Tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha kreditor qarzdorliklar muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi talablariga binoan belgilanadi va da'vo muddati o‘tgan qarz muddati o‘tgan kreditor qarz sifatida e'tirof etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va uning quyi tuzilmalari tomonidan tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor va kreditor qarzdorliklar TSOYaEAT ma'lumotlari asosida har bir shartnomalar kesimida tahlil qilinadi.

Tahlil natijasiga ko‘ra muddati o‘tgan debitor qarzdorlikka yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan hollarda, ushbu ma'lumotlar davlat soliq xizmati organlarining “Tahlika-tahlil” dasturiy mahsuliga kiritiladi.

Muddati o‘tgan debitor qarzdorlikka yo‘l qo‘yilganligi uchun eksport-import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan sud orqali jarima qo‘llash va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi ta'minlanadi.

Da'vo muddati o‘tgan kreditor qarzdorlikka yo‘l qo‘yilganligi uchun xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan da'vo qilish muddati o‘tgan sanadan keyingi soliq davrida majburiy tartibda daromadga olinib, soliq solish bazasiga kiritiladi.

Reyestr TSOYaEATga kiritilgan ma'lumotlar asosida muddati o‘tgan debitor va kreditor qarzdorligi hamda soliq qarzi mavjud bo‘lgan import qiluvchi xo‘jalik yurituvchilar bo‘yicha real vaqt rejimida avtomatik ravishda shakllanadi.

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar quyidagi asoslarda real vaqt rejimida TSOYaEATdagi Reyestrdan chiqariladi:

xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari tomonidan eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik summasidan kam bo‘lmagan miqdorda xorijiy valuta tushumining kelib tushganligi yoki bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar kiritilganda;

bojxona organlari tomonidan respublikaga “erkin muomala uchun chiqarish” rejimida tovarlar olib kirilganligi va rasmiylashtirilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar kiritilganda;

davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq qarzi to‘liq bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar kiritilganda.

Reyestr eksport-import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar nomi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR), xizmat ko‘rsatuvchi banki, shartnoma raqami, sanasi va identifikatsiya raqami, to‘lov muddati o‘tgan debitor va kreditor qarzdorliklar summasi va soliq qarzi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Davlat soliq qo‘mitasining veb-saytlari bilan integratsiya qilinadi.

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning tashqi savdo shartnomalar bo‘yicha muddati o‘tgan debitor va kreditor qarzdorliklar yuzaga kelgan hollarda ular bo‘yicha faqat kafolatlangan (akkreditiv, xorijiy bank kafolati, sug‘urta polisi) to‘lov turlaridan foydalanish yoki tovarlar import qilinganligini tasdiqlash talab etiladi.

Reyestrga kirgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi tovarlarga davlat bojxona organlari tomonidan bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirishni to‘xtatish yo‘li bilan Reyestrdan chiqarilgunga qadar cheklanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid