Jamiyat | 15:26 / 09.08.2019
6790
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon veterinarlariga velosiped va termosumkalar topshirildi

Andijon viloyati hududida hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalishining oldini olish, ularning kelib chiqish sabablarini puxta o‘rganish, bunday kasalliklarni tugatish, aholi chorva hayvonlari va odamlarni shu kabi yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish uchun emlov tadbirlarini o‘tkazish borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda hamda qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini aholi sifatli yetkazib berish uchun joylarda 67 ta veterinariya uchastkalari tashkil etilgan.

Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan shahar va tumanlarda 78 ta ishchi guruhlari tuzilgan bo‘lib, ularga 183 nafar malakali mutaxassislar biriktirilgan. Ishchi guruhlar a'zolari aholiga veterinariya xizmati ko‘rsatish asnosida emlash ishlarini jadal olib bormoqdalar. Shu kunga qadar kuydirgi kasalligiga qarshi 794 ming 493 bosh qoramol, 742 ming 751 bosh mayda shoxli mollar, 2 ming 340 bosh ot emlandi.

Bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilish, ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash eng muhim masalalardan biridir. Shuni inobatga olgan holda viloyatdagi dehqon bozorlariga keltirilayotgan go‘sht, sut va o‘simlik mahsulotlari doimiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, 120 ming 514 tonna o‘simlik mahsulotlari tarkibidagi nitrat moddasini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazildi.

“Ayni paytda boshqarma xodimlari faoliyatini yanada takomillashtirish uchun ularga barcha qulayliklarni yaratib berishga harakat qilyapmiz. Xususan, kuni kecha viloyatdagi 67 ta veterinariya uchastkalari mudirlari va texniklarining kuzgi emlash jarayoniga puxta tayyorgarlik ko‘rishlarini ta'minlash uchun har biriga bittadan yangi velosiped taqdim etildi. Ular aholiga veterinariya xizmati ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga harakat qilishlarini bildirdilar”, deydi Andijon viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Dilmurodjon Qayumov.

Elmurod Ermatov, Andijon
Andijon, veterinar

Mavzuga oid