Jahon | 19:10 / 09.08.2019
4479
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropada bolalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha operatsiya davomida 70 kishi qo‘lga olindi

Foto: REUTERS

Yevropa davlatlari huquqni muhofaza qilish organlari bolalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha maxsus operatsiya davomida 70 kishini qo‘lga oldi. Bu haqda Yevropa politsiya agentligi (Yevropol) xabar berdi.

Buyuk Britaniya boshchilik qilgan operatsiyada YeIning 16 mamlakati hamda Islandiya va Shveytsariya qatnashdi. 17-23 iyun kunlari o‘tkazilgan operatsiya davomida 127 ming kishi va 63,8 mingta transport vositasi tekshiruvdan o‘tkazildi, 1,1 mingta bino, jumladan, uylar, kompaniyalar ofislari, mehmonxonalar tintuv qilindi. Operatsiya doirasida maktablarda bolalarga odam savdosi qurboni bo‘lib qolmaslik bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

"Odam savdosiga aloqador jami 34 kishi va o‘g‘irlik, taqiqlangan foto va videomahsulotlar tarqatish, noqonuniy migratsiyani tashkil etishga aloqador 36 kishi qo‘lga olindi. Bundan tashqari, 206 nafar ehtimoliy odam savdosi qurbonlari aniqlandi va odam savdosi bo‘yicha 31ta ish ochildi", - deyiladi xabarda.

Operatsiyani o‘tkazishda ijtimoiy himoya xizmati, munitsipalitetlar va nohukumat tashkilotlar vakillari huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga yordam berdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid