O‘zbekiston | 09:07 / 10.08.2019
2901
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston - Koreya ixtirochi ayollar haftaligi tashkil etiladi

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasining Koreyaga tashrifi doirasida Janubiy Koreya Ixtirochi ayollar assotsiatsiyasi raisi Li Inshil bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuv davomida xotin-qizlar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini, iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish bo‘yicha batafsil fikr almashildi.

Li Inshil qayd etganidek, ixtirochi ayollarni va ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash sohasida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida hamkorlik uchun keng istiqbollar mavjud.

Tomonlar O‘zbekistonda 2019 yil 14-19 sentabr kunlari O‘zbekiston-Koreya ixtirochi ayollar haftaligini tashkil etishga kelishib oldi.

Li Inshil O‘zbekiston ixtirochi ayollari kashfiyotlari va innovatsion mahsulotlari eksportini rivojlantirish yuzasidan tajriba almashishga ko‘maklashadigan mazkur muhim forumda qatnashish taklifini minnatdorlik bilan qabul qildi.

Innovatsiya haftaligi doirasida Toshkent, Farg‘ona, Buxoro va Xorazm viloyatlarida davra suhbatlari va seminarlar hamda ayollarning innovatsion loyihalari va mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid