O‘zbekiston | 19:55
1182
5 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva raisligida Surxondaryoni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi muhokama qilindi

Oliy Majlis Senati Kengashining Termiz shahrida o‘tkazilgan sayyor majlisida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Senatorlar iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari bilan birga sanoat, investitsiya va bandlik sohalarida saqlanib qolayotgan qator muammolarni ham tanqidiy ko‘rib chiqdi.

Foto: senat.uz

2 iyul kuni Oliy Majlis Senati Kengashining Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisida Surxondaryo viloyati hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida o‘tkazilgan majlisda Senat ishchi guruhining parlament nazorati doirasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalar viloyatda bajarilishini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, viloyatda joriy yilning I choragida yalpi hududiy mahsulot hajmi 13,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 9,1 foizga yetdi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM hajmi 4,4 mln so‘mni tashkil etdi. Iqtisodiyot tarmoqlarida ijobiy dinamika kuzatilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,7 foizga, bozor xizmatlari 16,3 foizga, qishloq xo‘jaligi 9,7 foizga, qurilish ishlari esa 10 foizga o‘sdi.

Kuzatilgan iqtisodiy faollik natijasida 2026 yil 1 aprel holatiga ko‘ra faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari (yuridik shaxslar) soni 21,5 mingtani tashkil etib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 8,7 foizga yoki 1,7 mingtaga ko‘paygan.

Joriy yilda viloyatda 2 mlrd AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi chorakda 499,1 mln dollar o‘zlashtirildi.

Tashqi savdo aylanmasida eksport ulushi 53 foizni tashkil etdi. Eksport hajmi 126,4 mln AQSh dollariga yettdi yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga o‘sdi.

Investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 34 mln dollarlik 77 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida qariyb 900 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Kichik va o‘rta biznes sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2,9 trln so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirildi, shundan 869 mlrd so‘m mablag‘ tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratildi.

Muhokama jarayonida mas’ul vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining axborotlari eshitildi hamda mavjud kamchiliklarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, joriy yilning o‘tgan besh oyida 6 ta yirik sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmi 2025 yilning mos davriga nisbatan pasaygan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida Boysun, Jarqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlarida loyihalar belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan.

Muammoli kreditlar qoldig‘i 2025 yilning mos davriga nisbatan Angor, Qumqo‘rg‘on va Termiz tumanlarida oshgan, Jarqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlarida faoliyatsiz korxonalar ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Shuningdek, mikroloyihalarni tashkil etish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari Denov, Boysun va Sariosiyo tumanlarida to‘liq bajarilmagan.

Muzrabot va Oltinsoy tumanlarida 2021 yilda tashkil etilgan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida haligacha loyihalar ishga tushirilmagan.

Senatorlar aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari ham tanqidiy muhokama qilindi. Joriy yilning yanvar–may oylarida 18 ming fuqaro doimiy ish o‘rinlariga joylashtirilgan, 195 ming kishi daromadlarini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olingan, 24 ming norasmiy band bo‘lgan shaxsning mehnat faoliyati legallashtirilgan. I chorak yakunlariga ko‘ra ishsizlik darajasi 4,8 foizgacha pasaygan.

Shu bilan birga, ayrim tumanlarda aholini doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish, xizmat ko‘rsatish va servis loyihalarini amalga oshirish hamda qurilish sohasida yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalar to‘liq bajarilmagani qayd etildi.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, sanoat zonalari samaradorligini oshirish, eksport hajmini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Majlis yakunida Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid