O‘zbekiston | 12:36 / 16.08.2019
11411
5 daqiqa o‘qiladi

Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilashga ruxsatnoma olishning yangi tartibi joriy etiladi 

Foto: Motion Array

Vazirlar Mahkamasining “Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi.

Belgilanishicha, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab, yuridik shaxslar yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilashga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.

Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga ko‘ra, uning asosiy maqsadi yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatini olib borishga ruxsatnoma berish bilan bog‘liq jarayonlar va tartibotlarni tartibga solish, suvga burg‘ilash ishlari amalga oshirilishini hisobga olish va ularni nazorat qilishni tartibga solish hamda yer osti suv qatlamlari saqlanishini ta'minlash, birinchi navbatda, chuchuk yer osti suvlaridan noqonuniy foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Ruxsatnoma Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan yuridik shaxslarga ularning murojaatiga asosan beriladi. 

Suvga quduqlarni burg‘ilash ishlarini asoslash uchun zarur bo‘lgan gidrogeologik xulosa faqat Davlat geologiya qo‘mitasining gidrogeologiya korxonalari tomonidan beriladi. 

Quyidagilar uchun: 

jismoniy shaxslarga chuqurligi 25 (yigirma besh) metrgacha bo‘lgan quduqlarni qazish uchun va sutkasiga ko‘pi bilan 5 (besh) kub metr hajmdagi yer osti suvlarini shaxsiy ehtiyojlar uchun yakka tartibda olishga mo‘ljallanganda (bunda qo‘llaniladigan asbob-uskunalarning texnik quvvati ko‘rsatkichlari asos qilib olinadi); 

gidrogeologiya korxonalari uchun yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash ishlari har yilgi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturi doirasida amalga oshirilganda ruxsatnoma olish talab qilinmaydi. 

Ruxsatnomaning amal qilish muddati burg‘ilash ishlarini bajarish davriga, lekin bir yildan oshmaydigan davr uchun beriladi. 

Davlat xizmatlari markazlari va Davlat geologiya qo‘mitasi o‘rtasidagi axborot almashinuvi identifikatsiya qilish vositalarini majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo o‘zaro elektron bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi. 

Ruxsatnoma berishdagi asosiy talab va shartlar quyidagilar hisoblanadi:

mulkka egalik huquqi yoki boshqa huquqlar asosida ariza beruvchiga tegishli bo‘lgan zarur texnika va uskunalarning mavjudligi (burg‘ilash uskunasi, karotaj stansiyasi va kompressor yoki zarur texnika va uskunalarni ijaraga olish bo‘yicha shartnoma nusxasi); 

davlat ekologiya ekspertizasining xulosasi shartlari va talablarini so‘zsiz bajarish; 

yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilashda mehnat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilish; 

gidrogeologik xulosa asosida tayyorlangan yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash loyihasining parametrlariga rioya qilish;

suv chiqarish tugallangandan so‘ng quduq suvining talab etiladigan sifat va tarkibga muvofiqligini aniqlash uchun laboratoriya tahlilini o‘tkazish; 

quduq atrofi 1-poyasining sanitariya-himoya zonasini jihozlash (quduq ichimlik suvi chiqarish va balneologik maqsadda burg‘ilanganda);

Ariza beruvchi ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi. 

Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat qilingan hollarda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda muvofiq shakldagi arizani elektron ravishda to‘ldiradi. 

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi: 

yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun buyurtma beruvchi va ariza beruvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma yoki kelishuv nusxasi; 

gidrogeologik xulosa;

davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi;

yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun loyiha hujjatlari; 

ariza beruvchining texnik imkoniyatlari haqida ma'lumot, mavjud uskunalarning texnik pasportlari nusxalari yoki zarur texnika va uskunalarni ijaraga olish bo‘yicha shartnoma nusxasi; 

ariza beruvchi tegishli mutaxassisining (gidrogeolog) diplom nusxasi. 

Ariza beruvchilardan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma'lumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilish qat'iyan taqiqlanadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid