Jahon | 23:40 / 20.08.2019
11394
2 daqiqa o‘qiladi

Huawei rahbari kompaniya “hayot va o‘lim chegarasida” turganini aytdi

Xitoyning Huawei kompaniyasi asoschisi Ren Jyenfey kompaniya ayni vaqtda “hayot va o‘lim chegarasida” turganini aytdi. U Bloomberg agentligiga kompaniya o‘z xodimlarini loyihalar bo‘yicha qayta taqsimlayotganini ma'lum qilgan.

Jyenfeyning ta'kidlashicha, hozirda kompaniya yangi loyihalarni ishlab chiqish uchun alohida jamoalar shakllantirmoqda. Xodimlar ularga qo‘shilib, agar ish unumli bo‘lsa, xizmat pillapoyalari bo‘yicha o‘sishga umid qilishlari mumkin. Biroq unumdorlik qoniqarsiz bo‘lsa, ularning maoshlari har uch oyda qisqartirilib boradi va hattoki ular ishdan bo‘shatilishlari ham mumkin.

Huawei rahbari og‘ir vaziyatga qaramay, kompaniya rivojlanishiga umid bildirgan. U AQShning kompaniyaga qarshi xatti-harakatlari jiddiy zarar yetkazmasligini va kompaniya amerikalik hamkorlarsiz ham rivojlanishda davom eta olishini ta'kidlab o‘tgan. U shaxsiy xizmatlar va texnologiyalarning rivojlantirilishiga umid qilmoqda. 

AQSh hukumati Xitoy kompaniyasini josuslikda ayblab, 2019 yil mayida uni “qora ro‘yxatiga” qo‘shgandi. Ushbu taqiqlov sababli bir qator kompaniyalar Huawei bilan hamkorlik qilishdan bosh torta boshlagan. Bunday muammolardan eng shov-shuvlilaridan biri Google’ning Xitoy kompaniyasi o‘z mobil qurilmalarida Android operatsion tizimini qo‘llashiga taqiqlovi bo‘lgan.  

Biroq hozirda AQSh kompaniyalariga Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlik qilishga 18 noyabrgacha vaqtinchalik ruxsat berilgan. AQSh savdo vaziri Uilbur Rossning ta'kidlashicha, hozirda AQSh Huawei kompaniyasi mahsulotlariga kuchli tobe. Ross AQSh fuqarolarini Xitoy kompaniyasi texnikasidan bosh tortishga chaqirgan.

Mavzuga oid